Kun.uz muxbirlari Samarqand shahridagi 63-maktabda hamda qiz yashaydigan mahallada bo‘lib, voqea tafsilotlari bilan tanishdi. 13 yoshida homilador bo‘lib qolgan qiz mazkur maktabning rus tili sinfida o‘qiydi.

1500 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabda 2128 nafar o‘quvchi (!) ikki smenada ta'lim oladi.
Maktab direktori Surayyo Qo‘chqorovaning ma'lum qilishicha, qizning homiladorligini 19 noyabr kuni ularning uyiga mehmon bo‘lib kelgan xolasi aniqlagan va kerakli joylarga xabar bergan. 20 noyabr kuni UTT tekshiruvida 13 yoshli L.M.ning homiladorligi tasdiqlangan. Ayni paytda homila 23-24 haftalik ekani aytilmoqda.

«Ayni kunlarda sovuqda bolalar maktabga qalinroq kiyinib kelishayotgani bois, uning ahvolini maktabda vizual aniqlash mumkin emasdi», deb tushuntirdi direktor.
Qiz bola yangi o‘quv yili boshlangach, 6 sentabr sanasidan maktabga muntazam qatnagan. Darsliklar olgan.
Qiz maktab rahbariyatiga onasi bilan 5 yildan buyon birga yashovchi erkak shu yil iyun oyida uning nomusiga tekkani, o‘shandan buyon bu harakat muttasil takrorlanganini aytgan.
Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi pedagogik-psixologik tashxis shu'basi mudiri Xurshid Roziqovning tushuntirishicha, bunday o‘quvchilarni nazoratga olishda ichkilikka ruju qo‘ygan, ota-onasi tomonidan zo‘ravonlikka uchragan, ota-onasi chet elda yashaydigan yoki vafot etgan kabi nobop oilalar toifasi tuzilgan.

«Nomusi toptalgan va homilador o‘quvchi qiz biryo‘la uchta toifaga to‘g‘ri keladi: onasi ichkilikka ruju qo‘ygan, otasi yo‘q, zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan. Maktab jamoasining aybi, bunday o‘quvchini ro‘yxatga olib, shahar hokimligi va ichki ishlar organlariga yordam berish masalasida xat bilan chiqish kabi zarur choralarni ko‘rmagan. Maktabda ro‘yxat shakllantirilgan, lekin aynan shu o‘quvchi yo‘q ro‘yxatda», — dedi Xurshid Roziqov.


























