9–11 dekabr kunlari Denov tumanida bo‘lgan Kun.uz muxbirlari ikki qavatli savdo markazi, o‘nlab do‘konlar va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, 65ta uyga zarar yetkazgan vayronkor portlash ro‘y bergan kunni denovliklar qanday xotirlashi bilan qiziqdi.

«Uyquda edik. Qattiq portlash bo‘ldi. O‘zimni o‘nglab olgunimcha yana ikki marta nimadir paqilladi. Ko‘chaga chiqsak, «Indenim» portlaganini aytishdi. Yong‘in bo‘lganini ko‘rmadik. Portladi, aniq portladi», deydi mahalliy aholi vakili bo‘lgan Nigora Rajabova.

«Voqea soat yigirmata kam to‘rtlarda sodir bo‘ldi. Hamma uxlab yotgandi. Bir marta portladi. Birinchi, atrof yorishib ketdi. Keyin birdan mana shu narsa bo‘ldi.

Men yer qimirlabdimi deb tursam, xo‘jayinim bilan kichkina qizim deraza oynasining siniqlari tagida qolib ketgan ekan. Qarasam, peshonalari, boshlari, yuzlari jarohatlangan. Portlash ta’sirida gaz quvurlari uzilib ketgandi. Svet ham o‘chib qolgandi», deydi Gulbahor Shaymardonova.

8 dekabr kuni Denov tumani hokimligida hukumat komissiyasi a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov portlashdan zarar ko‘rgan xonadonlar davlat hisobidan ta’mirlab berilishini aytdi.

«Zarar yetgan xonadonlarning hammasida fuqarolar bilan kelishgan holda shiferini, eshik-romlarini almashtirishni boshlab yuborganmiz. Uylarni davlat tomonidan eski holatiga keltirish bo‘yicha topshiriqlar olingan. Qisqa muddatda, 3-4 kunda hammasi oxiriga yetkaziladi», deya ta’kidlagan viloyat hokimi.

Kun.uz’ga intervyu bergan denovliklarning ta’kidlashicha, portlashdan zarar ko‘rgan uylarni ta’mirlash mahalliy tadbirkorlar zimmasiga yuklatilgan.

Denov tumani hokimligi mas’ullari esa hech bir tadbirkor bu ishga majburlanmaganini ta’kidlamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hamshaharlari boshiga tushgan musibatga befarq bo‘lmagan ayrim tadbirkorlar o‘zlari hokimlikka murojaat qilib, yordamlarini taklif etishgan, zarar ko‘rgan xonadonlardagi qurilish-tiklash ishlari tuman hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.