15:26 / 20.12.2021
23437

“Besh tashabbus”ni o‘yin qilgan Zangiota hokimligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent viloyati prokuraturasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Zangiota hokimligi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yerni auksionsiz tadbirkorga ajratish to‘g‘risidagi hokim qarori sudda bekor qilingan.

Foto: KUN.UZ

Zangiota hokimligi hujjatlardagi so‘z o‘yinlari orqali aslida maktab va bog‘cha qurish uchun mo‘ljallangan yerni turar joylar qurish maqsadidagi tadbirkorga nol qiymatda berib yuborgan. Na aholi e’tirozi, na prokuror protesti, na vazirlik va na kadastr organining qarshiligi hokimlikka kor qilmayotgandi.

Toshkent viloyati prokuraturasi Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Zangiota tuman hokimining 02.04.2020 yildagi 217-sonli hamda 10.03.2021 yildagi 314-sonli qarorlarini (“Skytech-Line” MChJga yer ajratishni nazarda tutuvchi) bekor qilish haqida 2021 yil 5 may kuni Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan tuman hokimiga protest keltirilgan.

Ammo protest tuman hokimi tomonidan ko‘rib chiqilmagan va javob berilmagan. Shundan so‘ng qarorlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida 2021 yilning iyulida Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritilgan.

Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 27 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan Zangiota tuman prokuraturasining arizasi rad qilingan.

Berilgan apellyatsiya shikoyatiga asosan Toshkent viloyati ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 30 noyabrdagi qaroriga asosan birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori bekor qilinib, Zangiota tuman hokimining “Skytech-Line”ga yer ajratish to‘g‘risidagi 2020 yil 2 apreldagi 217-sonli va 2021 yil 10 martdagi 314-sonli qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan.

Toshkent viloyati prokuraturasi mahkamasi tomonidan Zangiota tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Nazarbekda maktab uchun mo‘ljallangan yerda kottej qurayotgan “Skytech-Line” MChJ ta’sischisi va uning rahbari uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Saifnazarov Sohib Ismoilovichga aloqador bo‘lib chiqdi.

Mahalla fuqarolarining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hududda hamon qurilish ishlari to‘xtagani yo‘q.

Qolaversa, qurilish vaziri o‘rinbosari N.Boboyev rahbarligidagi ishchi guruhning bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ramatovga yo‘llagan xatida maktab va bog‘cha uchun 1,15 gektar yer maydoni ajratish zarurligi, qolgan yer maydonini qonunchilikda belgilangan tartibda E-auksion elektron maydoni orqali realizatsiya qilish taklifi bildirilgan edi. Bu haqda ushbu muammo yuzasidan e’lon qilingan ilk maqolada batafsil to‘xtalib o‘tilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Nazarbek hududining 3ta mahallasi uchun 1320 o‘rinli maktabga ehtiyoj borligini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid
Top