O‘zbekiston | 15:48 / 21.12.2021
9551
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi qum bo‘ronlari vaqtida 5 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qum bo‘ronlari sababli ko‘ruvchanlik past darajaga tushib ketgan va oqibatda 5 ta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

G‘uzor tumani IIB YHXB boshlig‘i Xusrav Xayrullayevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-88 Mang‘it-Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. O‘zaro to‘qnashgan transport vositalarining ikkitasi yuk mashinalari, uchtasi esa yengil mashinalar bo‘lgan.

«Qum bo‘ronlari sababli ko‘ruvchanlik 150-180 metrni tashkil etmoqda. Ana shu holatda haydovchilarning e’tiborsizligi tufayli 5 ta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Hodisada hech kim jiddiy tan jarohati olmagan, vafot etmagan. Haydovchilardan yo‘llarda harakatlanishda e’tiborli bo‘lishlarini so‘rab qolamiz», deydi Xusrav Xayrullayev.

G‘uzor tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Xudoyberdi Yo‘ldoshev tuman markazida bulutli havo bo‘layotganini, ammo qum bo‘ronlari kuzatilmayotganini ta’kidladi. Uning bildirishicha, qum bo‘ronlari tumanning cho‘l hududlarida sodir bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda Qashqadaryo viloyatining bir qancha tumanlarida va Qarshi shahrida qum bo‘ronlari kuzatilmoqda. Oqibatda ko‘rish darajasi pastlagan. Viloyat IIB YHXB boshqarmasi haydovchilardan yo‘llarda harakatlanish davomida e’tiborli bo‘lishlarini so‘ragan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday sharoit uchun aholiga o‘z tavsiyalarini berdi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid