Loyiha prezidentning “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Loyihada quyidagilar belgilangan: qonunning qo‘llanilish sohasi; ko‘chmas mulkning kadastr qiymatidan foydalanish maqsadlari; ko‘chmas mulklarni davlat kadastr baholashni amalga oshirish prinsiplari va tartibi; ko‘chmas mulklarning kadastr qiymatini aniqlash; ko‘chmas mulklarning kadastr qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘llash; ko‘chmas mulklarning kadastr qiymatini aniqlash natijalari haqidagi nizolarni ko‘rib chiqish; davlat kadastr baholashdagi javobgarlik.

Qonun quyidagilarga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda: ko‘chmas mulklarni davlat kadastr baholashni amalga oshiruvchilar va undan foydalanuvchilar; narxni shakllantirish hamda me’yorlashtirish sohasida davlat siyosatini yurituvchi davlat boshqaruv organlari; normativ-huquqiy tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari, ularga idoraviy mansub tashkilotlar; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari; kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarga; shuningdek ular o‘rtasida yuzaga keladigan, ko‘chmas mulklarni davlat kadastr baholash, ushbu ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarga.

Hozirgi kunda kadastr qiymatini aniqlash quyidagilar bilan tartibga solinadi: soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlarining, turar joy fondining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom; soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqida tegishli bo‘lgan noturar ko‘chmas mulk obektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom.