O‘tgan yil oxirida Buxoroda fohisha ayol qirqqa yaqin erkakka OITS infeksiyasini yuqtirgani haqida xabar qilindi. Ayol qachon tuzalmas bu kasalni yuqtirgani noma’lum, kasallikning yashirin davri hisobga olinsa, ayolning o‘zi ham buni bilmasa kerak.

Buxorolik ayol OITSga chalinganidan 2017 yilda xabar topgan. Shundan so‘ng qonunda belgilangan tartibda dispanser nazoratiga olingan va kasallikni bila turib boshqalarga yuqtirmaslik haqida ogohlantirilgan. Lekin o‘zgalarning ko‘nglini ovlashni kasb qilib olgan ayol bu ogohlantirishga amal qilmaydi.

Rasmiy ma’lumotda keltirilishicha, ayol qariyb 4 yil davomida qirqqa yaqin erkaklarga OITS infeksiyasini yuqtirgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, fohishaning xizmatlaridan foydalangan erkaklarning aksariyati oilali bo‘lgan. Erlarining shahvoniy buzuqligi kasriga ularning begunoh ayollari, ayrim hollarda esa, hali tug‘ilmagan go‘daklari ham ushbu bedavo dardga yo‘liqqan.

«O‘zbekistonda yiliga 4 mingdan ortiq kishi OITSga chalinmoqda» – Bahrom Almatov bilan suhbat

Rasmiy ma’lumotlarda fohishaning 4 yil davomida qirqqa yaqin erkakka OITS infeksiyasini yuqtirgani keltirilsa-da, aslida raqamlar kattaroq bo‘lishi ham mumkin. Shunchaki tergov davomida ayol shuncha sondagi mijozini eslay olgan va ular tibbiy ko‘rikdan o‘tganda kasallikni yuqtirgani tasdig‘ini topgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Bu fohisha xizmatidan foydalangan mijozlar keyinroq boshqalar bilan jinsiy munosabat qilishi mumkinligidan kelib chiqilsa, u yuzlab, balki minglab insonlarning OITSga chalinishiga sababchi bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Tasavvur qilish qanchalik qo‘rqinchli bo‘lmasin, bu achchiq haqiqat.

Kasallik alomatlari tezda yuzaga chiqmasligi va aksariyat yilda kamida bir marta bo‘lsa ham tibbiy ko‘rikdan o‘tishga odatlanmagani sababli buxorolik fohishaning xizmatidan foydalangan, ammo bedavo kasallikka chalinganidan bexabar erkaklar yana o‘nlab, balki yuzlab sog‘lom odamlarga ushbu kasallikni yuqtirib yurgan bo‘lishi ham mumkin.