Hozirda Rossiya Ukrainaga hujum qilishi haqidagi ma’lumotlar keragidan ortiq ko‘payib ketdi, dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.
«Axborot makonida Rossiya tomonidan keng ko‘lamli urush boshlanishi haqida ma’lumotlar judayam ko‘payib ketdi, deb hisoblayman. Hatto aniq kunini ham aytishyapti», - dedi u.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina barcha xatarlarni tushunadi. Shu bilan birga, u Rossiya 16 fevral kuni bostirib kirishi borasida dalil taqdim etishlarini so‘radi.
«Agar sizlarda yoki boshqalarda Rossiya 16 fevral kuni Ukrainaga yuz foiz bostirib kirishi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot bo‘lsa, iltimos, bizga bu ma’lumotni beringlar», - dedi Ukraina prezidenti.
AQSh tomoni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga hujum qilishga qaror qilib bo‘lgan, deb hisoblamoqda. Markaziy razvedka boshqarmasi va amerikalik harbiylar Rossiya 16 fevral kuni bostirib kirishni boshlashi mumkinligi haqida NATO davlatlarini xabardor qilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining telegram kanalida AQSh rasmiylarining bayonotini «jazavaga tushish» deb atadi.










