Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Oila qurishdan maqsad iffatni saqlash hamda nasl qoldirishdir. Allohdan zurriyot so‘rashda ham maqsadni to‘g‘ri qo‘ya bilish lozim. Zurriyot so‘rashdan maqsad – kelajakda o‘z ortidan solih bandani qoldirishdir.

Ko‘pincha shu maqsadni qo‘yishda ham xato qilinadi. Ota-ona farzand kutayotgan bo‘lsa, bu bilan maqtanish, ko‘z-ko‘z qilish holatlari uchraydi. Bundan imkon qadar chetlanish lozim. Farzand tilaganda “xizmatimizni qilsin, rohatini ko‘raylik” deb niyat qilishadi. Niyatda solih farzand so‘ralishining o‘zi yetarli. Solih farzand tufayli ota-ona barcha yaxshiliklarga yetishi mumkin. Zurriyot so‘rashda ayni shu tomoniga urg‘u berish kerak.

Qur’oni karimda ota-onalarning bu boradagi yolvorishi: “Bizga solih farzand bersang, shukr qiluvchilardan bo‘lamiz” deya bo‘lmog‘i lozimligi aytiladi.

Ammo har bir ota-ona ham shukr qilishni amalda qo‘llamaydi. Farzand uchun shukr shundaki, farzandni Alloh taolo istagandek tarbiyalashdir. Maqsad boshqa tomonga qaratilib, farzanddan boshqa narsalar talab qilib, tarbiyada xatoliklarga yo‘l qo‘yilsa berilgan va’daga xilof bo‘ladi.

Farzandning huquqlari nimada?

Farzand dunyoga kelmasdan turib unda huquqlar paydo bo‘ladi. Ya’ni ota o‘z farzandi uchun munosib ona tanlashi, ona esa bolasi uchun munosib ota tanlashi lozim.

Payg‘ambarimiz Rasululloh (s.a.v.) ham farzand ko‘radigan insonni to‘g‘ri tanlashni ta’kidlaganlar. Erkak ham, ayol ham farzand ko‘radigan insonini to‘g‘ri tanlashi farzandning ilk huquqi hisoblanadi. Ularning diniga, taqvosiga qarab tanlanishi esa eng ahamiyatli jihati hisoblanadi.

Foto: Kun.uz

Farzand homilalik chog‘ida unga yashash huquqini berish (tushirish, abort qildirmaslik) ham farzandning huquqidir. Homilani o‘z vujudida olib yurgan onaning parvarishi erning zimmasida bo‘lib, bu ham tug‘ilajak bolaning huquqlaridan biri. Afsuski hozirgi vaqtda homilador ayollarimiz ham zo‘ravonliklarga, e’tiborsizlikka uchrayapti. Ularning ma’naviy tushkunlikka tushib qolishayotgani achinarli holat. Homilali ekanliklari, kelgusida bir insonni dunyoga keltirishi inobatga olinmayapti. Farzand hurmati uchun, uning haq-huquqlari uchun ham homilador ayollarga e’tibor berish kerak. Bu otaning vazifasi sanaladi.