Dunyoning turli nuqtalarida xalqaro tashkilotlar va davlat rahbarlari Putindan bu urushni to‘xtatishni so‘ramoqda. Shuningdek, minglab mashhur insonlar: siyosatchilar, OAV va media vakillaridan tortib oddiy insonlargacha o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, ayrim joylarda ko‘chalarga chiqib, urushga qarshi namoyishlar qilmoqda.

Putin boshlagan urushga rus xalqining juda ko‘p vakillari ham qarshi chiqmoqda. Birinchilardan bo‘lib ayni vaqtda qamoqda bo‘lgan siyosatchi Aleksey Navalniy bu urushga qarshiligini aytgan.

 Sudlanayotgan siyosatchi Aleksey Navalniy. Foto: Yelizaveta Nesterova / Mediazona

«Men bu urushga qarshiman. Bu urush Rossiyaning muammolaridan e’tiborni chalg‘itish uchun mo‘ljallangan va u faqat qashshoqlikka olib keladi, deb hisoblayman. Men bu urushni boshlaganlarni banditlar va o‘g‘rilar deb bilaman», degan Navalniy.

Kinotanqidchi Anton Dolin esa umri davomida hech qachon Putinga ovoz bermagan va uni qo‘llamagan bo‘lsa-da, u boshlagan urush tufayli uyat va xijolatda ekanini yozgan.

«Bu kecha umrimdagi eng qo‘rqinchli va uyatli hodisa sodir bo‘ldi. Mening davlatim prezidenti Ukrainaga urush e’lon qildi. Umrim davomida Putinga ovoz bermagan va uni qo‘lim bilan ham, so‘zim bilan ham qo‘llamagan bo‘lsam-da, bundan [u boshlagan urush] cheksiz uyat va xijolatdaman. Qadrli ukrainaliklar, garchi hozir sizlarning bunday alohida bayonotlar bilan ishingiz bo‘lmasa-da, mening butun xayollarim sizlar bilan», – degan u.

Rossiyalik mashhur qo‘shiqchi Valeriy Meladze hech qachon bo‘lishi kerak bo‘lmagan voqea sodir bo‘lganini aytdi.