2021 yilning 12 sentabr kuni Toshkentdagi Kichik halqa yo‘lining Shayxontohur va Labzak ko‘chalari kesishuvidagi kafe yonida «Malika» savdo majmuasida telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir necha fuqaro o‘rtasida pichoqbozlik yuz bergandi. Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.
Toshkent shahar IIBB mojaro oqibatida bir kishi vafot etgani, yana bir kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi.
Rasmiy ma’lumotda 1977 yilda tug‘ilgan T.B. olgan jarohatlari natijasida ko‘p qon yo‘qotib shifoxonada jon bergani, pichoqbozlik ishtirokchisi bo‘lgan, 1988 yilda tug‘ilgan M.A. bir necha joyidan sanchilib kesilgan jarohatlar bilan tibbiyot muassasasiga olib borilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 10 mart kuni ayblanuvchiga hukm o‘qildi.
“Jabrlanuvchining o‘zi janjalni keltirib chiqargan hamda himoyam ostidagi shaxsga birinchi bo‘lib o‘zi hamla qilgan. U ayblanuvchiga birinchi bo‘lib qo‘l ko‘targan, bundan tashqari, uni pichoqlagan”, - deydi ayblanuvchining advokati Shohida Masharipova.
Ta’kidlanishicha, marhum va uning qotili bir-biriga begona bo‘lmagan. Ular avvaldan tanish bo‘lishgan va “Malika” savdo markazida telefon savdosi bilan shug‘ullanib kelishgan.
Sudda ayblanuvchi o‘z qilmishiga iqror bo‘lgan. Lekin u qasddan emas, o‘zini himoya qilish maqsadida birovning o‘limiga sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
“Marhum telefon olayotgan vaqtimda kelib menga gapirdi. Shu paytda u bilan o‘rtamizda kelishmovchilik yuzaga keldi. U tashqariga chiqaylik deb aytdi. Tashqariga chiqib oshxonaning oldiga bordik. U yerda uning akalari, tanishlari o‘tirgan ekan. Akalarini chaqirdi. U yerda urishib ketdik.






