Poytaxtdagi 54 ta tibbiyot muassasasida 2018 yildan buyon Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mulozimlariga tegishli xususiy laboratoriya pulli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Kun.uz avvalroq bu yerda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani haqida yozgan, biroq CCV tahririyat surishtiruvida aniqlangan holatlarga reaksiya bildirmagandi. Ma’lum bo‘lishicha, yangi vazir davrida bu muammoga barham berishga kirishilgan.

Fotokollaj: Kun.uz

O‘zi nima gap?

“Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJ (“SS-LAB” MChJ) 2018 yilda tashkil etilgan. Ushbu korxonaga tegishli tibbiy-diagnostika laboratoriyalari 4 yildan buyon poytaxtdagi 54ta tibbiyot muassasasida aholiga pullik xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Ochiq manbalarga ko‘ra, Botirbek Isabekov (33,40 foiz), Anvar Rahimov (33,30 foiz) va Ulug‘bek Egamberdiyev (33,30 foiz) “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJ ta’sischilari hisoblanadi. Firma tashkil etilgan vaqtda bu uchovlonning barchasi Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mulozimlari bo‘lgan.

“Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJ (“SS-LAB” MChJ) ta’sischilari

Jumladan, 2019 yil iyunidan 2020 yil avgust oyigacha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan Botirbek Isabekov hozirda shahar SSBB boshlig‘ining raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.

Ilgari shu boshqarmada faoliyat yuritgan Anvar Rahimov bugungi kunda Toshkent shahar SSBB tasarrufidagi xo‘jalik hisobidagi “Tibbiy ko‘rik bo‘limi” DUK direktori hisoblanadi.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan Ulug‘bek Egamberdiyev bir oy oldin mazkur lavozimidan ozod qilingan.

Ushbu mansabdorlarga tegishli “SS-LAB” Toshkent shahridagi 35 ta oilaviy poliklinika, 9ta tuman tibbiyot birlashmasi, 6ta tug‘ruq kompleksi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, shahar birinchi va uchinchi klinik shifoxonalarida aholiga 500dan ortiq turdagi tahlil, laboratoriya diagnostikasi xizmatlarini ko‘rsatib kelgan. Bu xizmatlar tekin bo‘lmagan albatta. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan ma’lumotlarda laboratoriya tahlillarining eng arzoni 25 ming so‘mni, eng qimmati 420 ming so‘mni tashkil etgani aks etgan. Pulli xizmatlarning o‘rtacha qiymati 70–130 ming so‘m atrofida.