O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik nazoratini daromad manbayiga aylantirib olgan fuqarolar haqida ogohlantirish bilan chiqdi.
“Hozirgi kunda jamoatchilik nazorati jamiyatimizda ochiqlik siyosatini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda davlat organlarining jamoatchilikka hisobot berishlarini nazorat qiluvchi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelmoqda. Bu borada, ayniqsa, blogerlarning faolligini alohida ta’kidlash lozim. Ular orasida xalq muammolariga beparvo bo‘lmagan, jonkuyar va fidoyi fuqarolarimiz juda ko‘p.
Biroq hanuzgacha axborot bilan ishlash, uni xolis tarqatish tartibini tushunmaydigan yoki jamoatchilik nazoratini noqonuniy daromad manbayiga aylantirib olgan fuqarolar ham talaygina. Blogerlik da’vosidagi firibgarlar nafaqat muammolarni bartaraf etish uchun pul talab qilishmoqda, balki shaxsiy va guruhlardagi o‘zaro yozishmalarni tarqatish bilan ham tahdid qilish holatlari uchramoqda. Bu qing‘ir ishlarga ayollar aralashayotgani juda ayanchlidir”, – dedi ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.
Uning ta’kidlashicha, blogerlik bilan shug‘ullanib kelgan 4 nafar shaxs bugungi kunda firibgarlik va tovlamachilik ustida qo‘lga olinib, tergov qilinmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida yashovchi 35 yashar fuqaro 21 fevral kuni o‘ziga murojaat qilgan fuqaroga Chiroqchi tumani hokimligida tanishlari borligi, bloger bo‘lgani uchun uning iltimosini yerda qoldirmasliklarini aytib, tumanning maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ajratilgan hududdan 3 sotix yer olib berishni va’da qilgan.
IIV axborotida u chindan ham tuman hokimligi mutasaddilariga blogerligini pesh qilib ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgani, natijada ushbu fuqaroning firibgarlik harakatlari tezkor tadbir orqali rasmiylashtirilib, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingani ta’kidlanadi. Protsessual tartibda ushlangan gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro Dildora ismli bloger ayol uning shaxsiy ma’lumotlarini internet orqali tarqatish bilan tahdid qilib, 3 million so‘m olgani, biroq shundan keyin yana 1500 dollar talab qilib kelayotgani yuzasidan 9 mart kuni viloyat IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilgan hamda qonunbuzarga chora ko‘rishni so‘ragan.









