“Respublikamizda spinal mushak atrofiyasi kasalligiga chalingan bemor bolalarga zarur dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimi joriy etiladi. Bunga har yili budjetdan 110 milliard so‘m ajratiladi.

Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 46 ta tumanlararo perinatal markazlari tashkil etilib, ularda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, – dedi davlat rahbari.

Avvalroq Kun.uz saytida SMA (spinal mushak atrofiyasi) kasalligi sabab farzandidan ayrilgan yoki bir necha yillarki shifoxonada yashayotgan fuqarolar hukumatdan bu muammoga e’tibor qaratishni so‘rab qilgan murojaati e’lon qilingan edi.

Kun.uz sayti orqali yo‘llangan bu murojaat sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilarini befarq qoldirmadi va tegishli buyruqqa asosan kam uchraydigan orfan kasalliklarini davolash uchun dori vositalari va ularni davolash uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritildi.

Shundan so‘ng orqa mushak atrofiyasiga chalingan bolalar uchun bir nechta turdagi dori vositalari, aktiv va passiv harakatlar uchun trenajyor, vertikalizator, yo‘tal ko‘chirish moslamasi, burun-oshqozon zondi yoki gastroma, noinvaziv o‘pkaning nafas olish apparati davlat tomonidan bepul berilishi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Kecha bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda prezident ushbu muammoga alohida e’tibor qaratdi va respublikamizda SMA tashxisi qo‘yilgan 75 nafar bemor bolalar borligini va ularga g‘amxo‘rlik qilish tizimi joriy etilishini ta’kidladi.