Prezident farmoni bilan ayrim toifadagi ayollarga bog‘cha to‘lovidan imtiyoz berilmoqda. Bundan tashqari, endi bolalar davlat bog‘chalariga ham 2 yoshdan borishi mumkin.
1 apreldan amalga oshiriladigan bog‘cha bilan bog‘liq yangiliklar
Shu sanadan boshlab, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning:
- farzandlari davlat bog‘chalariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi;
- 3 yoshgacha farzandlari uchun nodavlat bog‘chalarga budjetdan subsidiyalar ajratiladi.
- to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bolalarni pulli xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi;
- kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z huzurida bog‘cha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi budjetdan qoplab beriladi.
2 yoshdan bog‘chaga qabul qanday amalga oshiriladi?
Farmonga ko‘ra, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bolalarni pulli xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi. Biroq bu aynan qanday tartibda amalga oshiriladi?
Kun.uz mazkur savolga javob olish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaning ma’lum qilishicha, hamma davlat bog‘chalariga ham bolalar 2 yoshdan qabul qilinavermaydi.
“2 yoshdan bolalarni navbati kam bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga pulli xizmatni shakllantirgan holatda qabul qilish belgilandi. Davlat xizmatlari markazlarida navbatda turgan bolalar o‘z o‘rniga ko‘ra bog‘chalarga qabul qilinaveradi. 2 yoshdan esa faqat to‘liq quvvatda ishlamayotgan bog‘chalarga qabul bo‘ladi.
Pulli xizmat bo‘lgandan keyin narx ixtiyoriy tarzda belgilanadi. Barcha MTTlarda kuzatuv kengashlari mavjud. Kuzatuv kengashlarida ota-onalar davlat MTTlari direktorlari va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limlari bilan birgalikda narxlarni ishlab chiqishadi va tasdiqlashadi”, dedi Mavluda Asqarxo‘jayeva.
Lekin to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan, 2 yoshdan bolalar borishi mumkin bo‘lgan respublikadagi jami davlat bog‘chalari ro‘yxatini olishning imkoni bo‘lmadi, sababi, hozirda bu ro‘yxat vazirlik tomonidan shakllantirilmoqda. Maktabgacha ta’lim vazirligi ro‘yxat 1 aprelga qadar tayyor bo‘lishi kerakligini bildirdi.



















