Savol: Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi nima qilishi kerak?
Javob: Ramazonda saharlikka uxlab qolgan odam, uyg‘ongach oz bo‘lsa ham biror narsa yeb-ichib, ro‘zani niyat qilaman desa, niyati ham, o‘sha kuni tutadigan ro‘zasi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro‘zani buzadigan (ya’ni yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro‘zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.
Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallollohu alayhi vasallam Aslam qabilasidan bir kishiga buyurdilar: “Odamlarga e’lon qilginki, kim (bugun taom) yegan bo‘lsa, kunning qolgan qismida yemay tursin. Kim hech narsa yemagan bo‘lsa, ro‘za tutsin. Chunki bugun – Ashuro kunidir” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda Ramazon ro‘zasi Ashuro kuniga qiyos qilingan. Chunki Islomning avvalida Ashuro ro‘zasi farz bo‘lgan.
Imom Tahoviy: “Bu hadisda muayyan bir kunda ro‘za tutishi kerak bo‘lgan kishi, kechasi niyat qilmagan bo‘lsa, kunduzi niyat qilishi durustligiga dalil bor”, – deganlar.
“Zavolgacha niyat qilish, tong otgandan keyin ro‘zani buzadigan amallar bo‘lmagan bo‘lsa, joiz bo‘ladi. Agar tong otgandan keyin qasddan yoki unutib yegan, ichgan yoki jinsiy aloqa qilgan bo‘lsa, bundan keyin o‘sha kungi ro‘zani niyat qilishi joiz bo‘lmaydi”.
Demak, Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi, uyg‘ongach, hech narsa yemay-ichmay ro‘za tutishni niyat qilishi lozim bo‘ladi.
Ro‘za kimlarga farz, kimlarga yengillik berilgan? — Ramazonga doir savol-javoblar
Savol: Ro‘za tutishda qachon va qanday niyat qilish kerak?
Javob: Ro‘za ibodatdir. Kishining o‘z ixtiyori bilan Alloh taolo uchun, Uning amriga binoan, bajaradigan har bir amali ibodat bo‘ladi.
Hech bir ibodat, jumladan ro‘za ham niyatsiz durust bo‘lmaydi. Oddiy, kundalik ishlar ham niyat bilan, ularni bajarishda Alloh taolo roziligini niyat qilish bilan ibodatga aylanadi.

















