Jamiyat | 13:08 / 11.04.2022
22009
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda o‘z qizlarini kaltaklagan ona nega bunday qilganini aytdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xo‘jayli tumanida ayol yosh bolalarini kaltaklab, xo‘rlashi aks etgan video tarqaldi. Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi holat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston IIV xodimi bilan suhbatda o‘z qizlarini haqoratlab, kaltaklagan ayol nega bunday qilganini aytib berdi.

Qizlarimni urib videoga olganimning sababi erim Rossiyada edi, men farzandlarim bilan birga yolg‘iz yashardim. Ukalari kelib qarashar degandim, baribir kelishmadi. O‘rtada ota-onam kasal bo‘lib, “shok” holatda edim. Qizlarimni urganimdan pushaymonman”, – deydi ayol.

Ayolning ta’kidlashicha, uning eri 6 yildan beri Rossiyada bo‘lgan.

Erimning uyidan hech kim kelmaydi, nabiralarini urib, o‘ldirib qo‘ysam ham, ularning ishi yo‘q. Videoga o‘zim oldim va erimga jo‘natdim, menga rahmi kelar, uyidagilarga aytar, yonimizga kelishar deb o‘yladim. Lekin unday bo‘lmadi. Keyin yana videoga olib jo‘natdim, ta’sir qilgani yo‘q. Xudo ko‘zimni ochdi. Otam o‘ldi. Norasidalar ko‘zyoshi shu deb bilaman”, – deydi u.

Ayolning aytishicha, voqea bir yil oldin sodir bo‘lgan. Shuningdek, qizlarini yaqinda tekshiruvga olib borganda, ularning sog‘ligi yaxshi chiqqan.

“Iltimos, meni kechiringlar. Bilib-bilmay qarg‘amanglar”, – deya xalqdan kechirim so‘radi ayol.

Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayol Jinoyat protsessual kodeksining tegishli moddasiga asosan vaqtincha ushlab turilibdi.

Bundan oldin Nukusda yosh ona yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini ko‘chaga tashlab ketgandi.  

Mavzuga oid