Sharqiy Osiyoga ilk tashrifi davomida Yaponiyada chiqish qilgan Bayden Pekindagi hukumatni Tayvan bilan munosabatlardagi siyosati orqali «xavfli o‘yin olib borish»da aybladi.

Baydenning so‘zlari, mintaqadagi vaziyatni kuzatib boruvchi mutaxassislarning fikricha, «yagona Xitoy» siyosatiga (Pekindagi hukumatni mamlakatning yagona legitim hukumati deb bilish) amal qiluvchi Vashingtonning rasmiy pozitsiyasiga zid keladi.

Shu bilan birga Qo‘shma Shtatlar Tayvanni qo‘llab-quvvatlaydi va rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatilmagan bo‘lsa-da, unga qurol-yarog‘ sotadi.

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb hisoblaydi, Tayvan esa mustaqil davlat ekanini da’vo qiladi. Tayvanning o‘z konstitutsiyasi, armiyasi va saylangan hukumati mavjud.

  • Ma’lumot uchun, Xitoyda fuqarolar urushi (1946—1949) natijasida Xitoy Kommunistik partiyasi mamlakatning materik qismida g‘alaba qozongan, Xitoy Respublikasining o‘sha paytdagi prezidenti Chan Kayshi boshchiligidagi oldingi rahbariyat Tayvanga qochib ketgan. Urush natijasida Xitoy ikkiga bo‘linib ketdi: birinchisi hozirgi kunga kelib jahonning yetakchi kuchlaridan biriga aylangan XXR, ikkinchisi esa 15 davlat tomonidan tan olingan Tayvandagi Xitoy Respublikasi. Natijada bir-birini tan olmaydigan ikkita Xitoy hukumati yuzaga kelgan.

Bayden yaponlar bosh vaziri Fumio Kisida bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. «Ular hozirda bu qadar yaqindan uchib va bu barcha manyovrlarni amalga oshirgan holda xavfli o‘yin o‘ynashmoqda», dedi AQSh prezidenti  Xitoy harbiy samolyotlari Tayvan havo hujumidan mudofaa tizimi zonasiga kirgani haqidagi xabarlarni nazarda tutgan holda.

Baydenning qo‘shimcha qilishicha, xitoyliklarning Tayvanga bostirib kirishi kutilmayapti, ammo voqealarning keyingi rivoji «dunyo bu kabi voqealarga qanchalik tanbeh ko‘zi bilan qarashi»ga bog‘liq bo‘ladi.

Baydendan to‘g‘ridan to‘g‘ri agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, AQSh qanday yo‘l tutishi borasida so‘rashgan. Bayden AQSh Tayvanni bosqindan himoya qilishga qanchalik tayyorligi to‘g‘risidagi savolga shunday javob qaytargan: «Ha ... bu biz o‘z zimmamizga olgan majburiyat».

1979 yilda AQShda «Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risidagi qonun» qabul qilingan, unga ko‘ra, Vashington «yagona Xitoy» siyosatiga amal qiladi, ammo Tayvan hukumatiga zarur holda o‘zini mudofaa qilish vositalari yetkazib berish majburiyatini oladi.