«Dushman qo‘shinlarini kuchaytirish uchun muayyan rayonlarga RF hududidan o‘q-dori va texnikalar tashladi», deyiladi Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotnomasida.

Severodonetsk va undan janubi-g‘arbda joylashgan Lisichansk shahri aglomeratsiyani tashkil etadi. Bu Lugansk oblastida Ukraina nazoratida qolgan so‘nggi yirik aholi punkti hisoblanadi, Rossiyaning uni egallashga intilishi nafaqat strategik, balki ramziy ahamiyatga ham ega.

Severodonetsk rayon ma’muriyati rahbari Roman Vlasenko rossiyalik harbiylar shaharga ikki yo‘nalishdan kira boshlaganini ma’lum qilgan.

«Dushman ikki yo‘nalish bo‘ylab, Novoaydar va Starobelsk orqali kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular 100 metr ichkarilashgan. Bundan ichkariga o‘ta olishmagan, bizning yigitlar mudofaani ushlab turishibdi», degan u.

Vlasenkoning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar qo‘shni Lisichansk hududiga ham kirishga urinmoqda, ammo ular hozircha atrofdagi qishloqlarni egallash bilan kifoyalanmoqda.

Ukraina mudofaa vazirligi endilikda rossiyaliklar Slovyanskka hujumni tiklash uchun qayta guruhlanishi, shu bilan bir vaqtda Severodonetskni qurshab olish harakatlarini davom ettirishini ma’lum qilgan.

Donbassdagi vaziyat so‘nggi haftada qanday o‘zgardi?

Rossiya armiyasida Severodonetskka yurish qilish imkoni bir necha hafta davom etgan janglardan keyin Lugansk oblastidagi Popasnaya shahridan 30 km masofada Ukraina armiyasi mudofaasi yorib o‘tilishi tufayli yuzaga keldi.

Rossiyadagi manbalar ukrain bo‘linmalari Severodonetskdan Lisichansk tomon chekinayotgani haqida xabar tarqatgan, ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmadi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 28 may kuniyoq Severodonetsk Rossiya nazoratiga o‘tgani haqida yozgandi. Gayday ukrain qo‘shini shaharni o‘z qo‘lida saqlab qolayotganini ma’lum qilgan.

«29 may kuni Rossiya harbiylari quruqlik orqali Severodonetskni shturm qilishda davom etishdi, lekin biz qandaydir muvaffaqiyatga erishilganini tasdiqlay olmaymiz. Ukraina Bosh shtabi rossiyalik harbiylar Severodonetsk va Lisichanskni qurshab olib, bu hududni Ukrainaning asosiy qismidan uzib qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bundan tashqari, rossiyalik harbiylar Bobrovo va Ustinovkidan shimolga, Severodonetsk tomonga yurishga harakat qilmoqda», deyiladi Amerikaning Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) ma’lumotida.