Rossiya armiyasi Lugansk oblastining Ukraina nazoratidagi qismining ma’muriy markazi hisoblangan Severodonetsk shahrini shturm qilmoqda. Shahar deyarli qurshab olingan, uni mamlakatning boshqa qismi bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l esa doimiy ravishda o‘qqa tutilmoqda. BBC ayni vaqtda ukrainlar uchun frontning eng murakkab uchastkasidagi vaziyat hamda Ukraina qurolli kuchlari Severodonetskni tashlab ketish ehtimoli qanchalik yuqori ekanini ko‘rib chiqdi.

Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday Severodonetsk Rossiya artilleriyasi va aviatsiyasi tomonidan tinimsiz ravishda o‘qqa tutilayotgani va bombalanayotgani haqida aytdi. «Shahar kechayu-kunduz vayron qilinmoqda. Samolyotlardan bombalar tashlashmoqda... «Grad» va «Smerch», artilleriyadan foydalanishmoqda», degan u.

Xabar qilinishicha, rossiyalik harbiylar Severodonetskni uch tomondan shturm qilmoqda va shahar atrofida janglar boshlanib ketgan: Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini shaharni minomyotlardan o‘qqa tutish uchun yetarli darajada yaqin kelgan.

Oblast ma’muriyati rahbari shahardagi vaziyat o‘ta murakkab ekani va keyingi bir necha kun juda og‘ir bo‘lishini aytgan. «Agar [rossiyaliklar] hafta oxirigacha, ya’ni shanba va yakshanbagacha muvaffaqiyatga erisha olmasa, ular to‘xtab tin olishadi va o‘shanda vaziyat biz uchun kamida barqarorlashadi», deb hisoblaydi Gayday.

Rossiya armiyasi Lugansk oblastida bir necha hafta davom etgan shiddatli janglardan keyin Ukraina mudofaasini yorib o‘tib, Severodonetskdan 30 kilometr masofada, tepalikda joylashgan Popasnaya shahrini egallagach, atrofdagi hududlarga osonlik bilan hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.

Ekspertlar hisoblashicha, hozirda RF armiyasi Severodonetsk va unga yondosh joylashgan Lisichanskdagi kattagina ukrain guruhini qurshab olishga intilmoqda. Bu maqsadga erishish uchun rossiyalik harbiylar 25 kilometr masofani bosib o‘tishi va halqani yopishi talab etiladi.

Avvalroq Gayday BBC Ukraina xizmatiga Ukraina qurolli kuchlari keng ko‘lamli hujum boshidayoq ataylab Severodonetskka chekingani haqida aytgandi. Bu yuzlab kilometrlarga cho‘zilgan front bo‘ylab emas, so‘nggi sakkiz yil davomida mustahkamlab kelingan, Lugansk oblasti shimolidagi Rubejnoye va janubdagi Popasnaya o‘rtasidagi kichikroq uchastkada himoyalanish uchun qilingan. Ammo Ukraina bu ikki shahar ustidan nazoratni boy bergach, vaziyat ular uchun keskin yomonlashdi.