09:05 / 20.06.2022
17182

Bahrom Haydarov hibsdaligida qabul qilingan qaror va farmoyishlar bekor qilindi

Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarovning hibsda payti qabul qilingan qaror va farmoyishlar bekor qilindi.

Foto: Andijon shahri hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq Kun.uz xabar berganidek, sobiq hokim 6 iyun kuni qo‘lga olinib, 7 iyunda sud ajrimi bilan qamoqqa olingan, shu ikki kun davomida u tomonidan imzolangan deya ko‘rsatilgan 26ta hujjat “E-qaror” tizimiga joylashtirilgan.

Adliya organining qayd etishicha, 6 iyun kuni soat 9:43 va 21:18 oralig‘ida hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida hokimlik devonxonasi mudiri S.Qodirjonov hokim Haydarovga tegishli elektron raqamli imzodan foydalangan holda “E-qaror” platformasida 26 ta qaror va farmoyishni imzolaganligi va Haydarovning “E-qaror” elektron tizimidagi shaxsiy kabineti “Uzinfocom” MChJ mutaxassislari tomonidan bloklanganligi xabar qilingan edi.

Andijon shahriga tayinlangan yangi hokim G‘ofurjon Abdurahmonovning ilk imzo qo‘ygan qaroriga asosan 6 va 7 iyun kunlari qabul qilgan qaror va farmoyishlar bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Bahrom Haydarov Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida jinoiy sheriklari bilan budjetning 48 mlrd so‘mini talon-toroj qilishda gumonlanyapti.

6-7 iyun kunlari uning nomidan 26ta hujjat imzolangan bo‘lib, ulardan 19tasi – yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarish haqida. 

14 iyun kuni esa xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida G‘ofurjon G‘ulomjanovich Abdurahmonov shaharning yangi hokimi etib tayinlangani e’lon qilingan edi.

Mavzuga oid
Top