Nihoyat, avtomobillar oynasini qoraytirishga cheklovlar prezident topshirig‘i bilan ancha yumshatildi: orqa yon oynalarni qoraytirish bepul bo‘ldi, old yon oynalar uchun ruxsatnoma to‘lovi ancha arzonlashdi.
Ha, “tonirovka” gap-so‘zsiz allaqachon tekin bo‘lishi kerak edi. Ayniqsa, mashinalarning orqa yon oynalarini qoraytirish. Chunki orqa yon oynalarning qoraytirilishi chindan ham yozning jaziramasida quyoshning tig‘idan to‘sishga yordamlashadi, qolaversa – haydovchiga o‘tirgan o‘rnidan mashinani boshqarishda tevarak-atrofni kuzatishda aslo xalaqit bermaydi.
Shu paytgacha mashinalarning faqat orqa oynasini ruxsatnomasiz qoraytirish mumkin edi. Biroq o‘sha oynaning qoraytirilishi yoki parda taqilishi haydovchining o‘tirgan o‘rnidan ko‘zgu orqali orqani kuzatishga xalaqit beradi. Nega uni qoraytirish tekin-u, haydovchi deyarli qaramaydigan orqa yon oynalar tekin emas? Bu ham mantiqsizlik edi. Bunga prezident qarori bilan barham berildi.
Salondagi orqa yon oynalarni qoraytirish tekin bo‘lishi yo‘lovchilarni va sayyohlarni tashuvchi mikroavtobuslar va taksilar, ayniqsa jamoat transportida ham odamlarga qulaylik yaratadi.
Qolaversa, “tonirovka”ga ruxsat berish tekin bo‘lgani bilan, oynalarga plyonka yopishtirish pulli. Tekin bo‘lgach, talab ham ortadi va bu o‘z-o‘zidan narxlar o‘sishiga olib keladi. Aholi ancha-muncha xarajat qiladi. Bu xarajatga qo‘shimcha ravishda bir yillik ruxsatnoma uchun ham haq to‘lash adolatsizlik edi.
Qolaversa, O‘zbekistonda orqa oynalarga quyoshdan to‘sish uchun parda o‘rnatish mumkin. Bu ko‘plab sud jarayonlarida amaldagi tartib-qoidalarga zid emasligi o‘z isbotini topib bo‘lgan. Parda mumkin bo‘lgan joyga tonirovka plyonkasini yopishtirish mumkin bo‘lmagani kulgili-da.
Old oynalarni qoraytirish
Masalaning ikkinchi tomoni bor. Shaxsan men mashina oynalarining barchasini to‘liq tonirovka qilish bepul bo‘lishiga qarshi edim (yakunda shunday bo‘lib chiqdi ham).
Ha, avtomashina orqa eshigi oynalarini qoraytirish juda ko‘p davlatlarda tekin. Masalan, har tomonlama bizga eng yaqin davlat – Qozog‘istonda ham tekin. Old yon oynalarni qoraytirish esa ko‘p davlatlarda mumkin emas. Faqat kortejda ishtirok etadigan, mayoqchali mashinalarda to‘liq tonirovkaga ruxsat berilgan.















