O‘zbekiston | 09:49 / 13.07.2022
4440
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari ro‘yxati imzolandi

ITSVda O‘zbekiston hukumati va YeIKning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan amaldagi qo‘shma tadbirlar rejasiga hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari ro‘yxati imzolandi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati raisi Mixail Myasnikovich boshchiligidagi YeIK delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston kuzatuvchi davlat maqomida YeIK bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik, teng huquqlilik va milliy manfaatlar hisobga olinishi tamoyillariga, O‘zbekistonning YeIK mamlakatlari bilan investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida yanada yaqin hamkorlik qilishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga o‘zaro sodiqligini ta’kidladi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston hukumati va YeIKning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan amaldagi qo‘shma tadbirlar rejasiga hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari ro‘yxatini imzoladi. 

Unda mamlakat tegishli vazirlik va idoralarining YeIK tegishli bo‘linmalari bilan savdo, sanoat, bojxona va soliq ma’muriyatchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlari, energetika, farmatsevtika, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlik qilish chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid