Jahon | 09:27 / 28.07.2022
8312
4 daqiqa o‘qiladi

CNN: Oq uy Viktor Butni ikki nafar amerikalikka almashtirmoqchi

AQSh davlat kotibi Blinken Rossiya tomonidan Ukrainada urush boshlanganidan beri birinchi marta RF TIV rahbari Lavrov bilan gaplashmoqchi.

Viktor But / Britni Grayner / Pol Uilan

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyaga AQShda sudlangan RF fuqarosi Viktor Butni Rossiyada saqlanayotgan ikki amerikalik - giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanayotgan basketbolchi Britni Grayner va BorgWarner kompaniyasining xavfsizlik bo‘yicha direktori, josuslikda ayblangan Pol Uilanga almashtirish taklifi bilan murojaat qildi. Bu ma’lumot 27 iyul, chorshanba kuni nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib, CNN telekanali tomonidan e’lon qilindi.

CNN manbalariga ko‘ra, Uilan va Graynerni Butga almashtirish masalasi 2022 yil boshidan beri Oq uyda muhokama qilingan. Jo Baydenning o‘zi bu rejani qo‘llab-quvvatlagani sababli, odatda mahbuslar almashinuviga qarshi bo‘lgan AQSh Adliya vazirligining e’tirozlari yo‘qqa chiqarildi. 

Davlat kotibi Entoni Blinkenning 27 iyuldagi bayonotiga ko‘ra, Oq uy bir necha hafta oldin Moskvaga Uilan va Grayner bo‘yicha «mazmunli taklif»ni taqdim etgan. Blinken, shuningdek, yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan telefon muloqoti chog‘ida Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan bu masalani muhokama qilish niyatida ekanini aytdi. Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri AQSh va RF tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rtasidagi birinchi muloqot bo‘ladi. 

Pol Uilanning advokatlari o‘z mijozini Amerika qamoqxonasida saqlanayotgan rossiyalik Viktor Butga almashtirish haqida hech qanday ma’lumotga ega emas. Pol Uilanning ukasi Devid Uilan jurnalistlarga amerikaliklarning oilasi Rossiya bilan almashuv yuz berishiga umid qilayotganini bildirdi.

AQSh ma’muriyati Vashingtonning Brittni Griner va Pol Uilanni ozod qilish bo‘yicha Moskvaga yuborilgan taklif tafsilotlarini oshkor qilmadi. «Aminmanki, hammangiz omma oldida muzokara o‘tkazish ularni uyga qaytarishga yordam bermasligini yaxshi tushunasiz. Shuning uchun men bu mavzuda chuqurlashishni xohlamayman», dedi chorshanba kuni jurnalistlarga AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Jon Kirbi. «Taklif bildirildi va biz, albatta, Rossiya uni qabul qiladi, deb umid qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Moskva ko‘p yillar davomida amerikaliklar va AQSh rasmiy vakillarini o‘ldirish maqsadida til biriktirish, raketa sotib olish va sotishga urinish hamda Kolumbiyaning «Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari» guruhi bilan hamkorlikda terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda aybdor deb topilgan sobiq sovet zobiti Viktor Butni ekstraditsiya qilishni talab qilib keladi. Viktor But 2012 yilda 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

AQSh hukumati bu taklifni nega endi ommaga oshkor qilyapti degan savolga, Kirbi shunday dedi: «Ma’lum bir taklif borligi, stolda aniq bir narsa borligi muhim kontekstdir, bu butun dunyo Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini vataniga qaytarish masalasini qanchalik jiddiy qabul qilishini bilishi uchun muhim». 

RF TIVning chorshanba kuni xabar berishicha, Rossiya tomoni Blinken va Lavrov o‘rtasida bo‘lajak telefon suhbati bo‘yicha AQShdan hozircha hech qanday so‘rov olmagan. 

Mavzuga oid