O‘zbekiston Markaziy banki hukumatdan imtiyozli va direktiv kreditlar hajmini kamaytirishni va banklarga bozor sharoitida ishlashga ruxsat berishni so‘ragan. Bu haqda 21 iyuldagi matbuot anjumanida MB raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi.
“Bu – Markaziy bankning asosiy vazifalaridan biri”, dedi u.
Regulyator rahbariga ko‘ra, imtiyozli kreditlashni to‘xtatishga iqtisodiy va geosiyosiy vaziyat yo‘l bermayapti.
“To‘g‘ri tushunishimiz kerak, hozir butun dunyoda kambag‘allik darajasi oshib borayotgan sharoitda biz bugungi kundagi imtiyozli kreditlarni taqa-taq to‘xtatib qo‘yib, kichik bo‘lsa ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman degan fuqarolarimizga qiyinchilik yaratib qo‘yishimiz ehtimoli yuqori”, – dedi Nurmurodov.
Unga ko‘ra, Markaziy bank hukumat bilan imtiyozli kreditlar o‘rniga kompensatsiya mexanizmini kengaytirish bo‘yicha ish olib bormoqda.
“Kompensatsiya mexanizmi o‘tgan yilga qaraganda qariyb 4 baravarga ko‘paydi. Oldin biz imtiyozli kreditlarni ma’lum bir stavkada belgilar edik, hozir 14 foizdan past belgilanmayapti, oldinlari undan ham past belgilanardi”, – dedi MB raisi.
Hukumat ham imtiyozli kreditlardan voz kechish tarafdori
Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov 22 iyul kuni Senat yalpi majlisida kreditlar talon-toroj qilinayotgani haqidagi savolga javob berarkan, muammo yechimi ikkita ekanini aytdi.
“Birinchi navbatda imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish masalaning yechimi bo‘ladi. Qachonki imtiyozli kredit bo‘lmasa, kredit berish jarayoni tartibga tushadi.
Ikkinchidan, banklarimizni xususiylashtirish kerak. Xususiy banklarning egalari halol, pok, legal, dividend orqali daromad olish uchun talon-toroj masalasi bilan ham o‘zi shug‘ullanadi. Albatta, o‘g‘rilik hamma jamiyatlarda ham bor”, – dedi Qo‘chqorov.
Imtiyozli kreditlar kambag‘allikni qisqartiradimi?
Imtiyozli kreditlar kambag‘allikni qisqartiradimi degan savol juda bahsli.
Kun.uz ajratilgan imtiyozli kreditlar talon-toroj qilingan, ko‘plab oilalarni kambag‘allikdan chiqarish o‘rniga qarzga botirib qo‘yganiga oid ko‘plab materiallar e’lon qilgan.
















