CNN telekanali «DXR» hududidagi ukrainalik harbiy asirlar, jumladan «Azov» polki jangchilari saqlangan Olenivka qamoqxonasi o‘qqa tutilishi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi. 29 iyul kuni bu yerda, RF mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra 50 nafar ukrainalik harbiy asir halok bo‘lib, yana 73 nafari yaralangan. Moskva «qonli qirg‘in» «Zelenskiyning jinoyatkor rejimi» tomonidan uyushtirilgani, ukrainlar koloniyani amerikaliklar yetkazib bergan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi (rossiyalik propagandachilar hatto go‘yoki Olenivka koloniyasi hududidan topilgan raketa parchalari aks etgan videoni tarqatishgan) orqali o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan. Kiyevdagilar «asirlarni qiynoqqa solish va qatl etish izlarini yashirish» uchun zarbani Rossiyaning o‘zi berganini iddao qilgan.

CNN ekspertlari Olenivkada hujumdan oldin va keyin olingan hamda ochiq manbalarga joylashtirilgan videolar va fotosuratlarni tahlil qilib shunday xulosaga keldiki, voqealar rivoji bo‘yicha rossiyaliklar keltirgan versiya, katta ehtimol bilan o‘ylab topilgan, omborga HIMARS raketalari bilan zarba berilgani istisno qilinadi.

Halok bo‘lgan asirlar saqlangan barak buzilib ketmagan: devorlar va tomning katta qismi butun qolgan. Bino ichkarisida yong‘in ro‘y berganiga dalillar mavjud.

Qurollar bo‘yicha mutaxassis Kris Kobb-Smit CNN bilan suhbatda aytishicha, HIMARS zarbasi ancha jiddiy zarar keltirgan bo‘lardi. «Videoda voronka ko‘rinmaydi, karavotlar joyidan siljimagan, ustunlar qulamagan, ammo yong‘in oqibatida yetkazilgan jiddiy zarar ko‘rinib turibdi. Agar bu baravar o‘t ochish reaktiv tizimining boshqariluvchi zarbasi bo‘lganida, biz o‘ralarni, devor va shift buzilib ketganini, jasadlar parchalanib yotganiga guvoh bo‘lardik», — degan u. Kobb-Smitning hisoblashicha, binoga raketa tufayli emas, intensiv yong‘in tufayli zarar yetgan.

O‘z versiyasini tasdiqlash uchun CNN Nova Kaxovkadan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini keltiradi, bu yerda 12 iyul kuni HIMARS tomonidan uchirilgan raketalar rossiyaliklarning o‘q-dori omborlarini portlatgandi — natijada bino o‘rnida ulkan o‘ralar va vayrongarchiliklar yuzaga kelgan.

Nova Kaxovka, 11 iyul
Planet Labs PBC / AFP / Scanpix / LETA