Toshkentdagi mazkur mehribonlik uyida 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 122 nafar bola tarbiyalandi. Bugungi kunda 67 nafar tarbiyalanuvchi oilaviy sharoitda voyaga yetayotgan bo‘lsa, ularning 12 nafari bugun poytaxtda barpo etilgan 5 ta oilaviy bolalar uyida ulg‘aymoqda. 6 nafar bola ota-onasi yoki yaqin qarindoshlariga qaytarilgan.
Qayd etilishicha, bu bolalar ota-onasidan birini yo‘qotgan yoki butunlay ota-onasidan ayrilgan bolalardir, biroq Milliy gvardiya va hamkor vazirliklar sa’y-harakatlari bilan ularning qarindoshlari topilib, oilasi bag‘riga qaytarildi. 50 dan ortiq o‘g‘il-qizlar vasiylikka olingan. Bolalar 18 yoshga to‘lib, voyaga yetgach muassasani tark etgan.
Natijada, 21-sonli mehribonlik uyida atigi 27 nafar tarbiyalanuvchi qoldi. Shu bois, barcha bolalar poytaxtda joylashgan 22-sonli mehribonlik uyiga o‘tkazildi. 21-sonli mehribonlik uyi o‘z faoliyatini yakunladi.
Bundan oldin 21-mehribonlik uyida bolalar norozilik namoyishi uyushtirgandi.







