10:46 / 09.09.2022
8066

Turar joyga ehtiyoji bor talabalarning yarmidan ko‘pi yotoqxona bilan ta’minlanmagani ma’lum bo‘ldi

Vazir Abduqodir Toshqulovning aytishicha, O‘zbekistondagi oliygohlarda o‘qiyotgan 211 ming nafar talabaning turar joyga ehtiyoji bor. Yotoqxonalardagi jami o‘rinlar esa 91 mingta.

Abduqodir Toshqulov

O‘zbekistonda turar joyga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 1991-2010 yillarda yotoqxona o‘rinlari soni kamaygan. 2010-2016 yillarda 2000 o‘rinli talabalar turar joyi barpo etilgan. Hozirgi kunda bitta talaba uchun turar joy qiymati 40-50 million so‘m atrofida ekani, 400 o‘rinli talabalar turar joyi taxminan 20 mlrd so‘m atrofida bo‘lishi aytiladi.

“2017-2022 yil yakuni bilan 56 ming o‘rinli talabalar turar joyi bo‘lyapti. Bu 2010-2016 yilga nisbatan 28 barobar ko‘p. O‘zbekistonda 2016 yilda 77 ta OTM bo‘lgan bo‘lsa ayni kunda ularning soni 172 taga yetdi. Unda tahsil oluvchi talabalar esa 200 ming nafardan 800 ming nafarga yetdi.

Talabalar turar joyining yetishmaslik muammosi oliy ta’lim muassasalari, talabalar sonini ko‘paytirgunga qadar ham ko‘p edi. Dunyo oliy ta’lim tizimini o‘rganganimda bir narsaga guvoh bo‘ldim — talabalarni yotoqxona bilan 100 foiz ta’minlagan birorta davlat yo‘q”, deydi vazir.

Bildirilishicha, ayni paytda O‘zbekistondagi OTMlar yotoqxonasida 91 ming talabaga joy bor. OTMlarda tahsil olayotgan 211 ming nafar talabaning turar joyga ehtiyoji bor.

Top