14:03 / 10.09.2022
8922

Oyoqosti bo‘layotgan moratoriy: Gulistondagi istirohat bog‘ida 16 tup daraxt kesib tashlandi, 5 tup daraxtga jiddiy zarar yetkazildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Gazeta.uz

Sirdaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 8 sentabr kuni Guliston shahar istirohat bog‘i hududida tegishli xulosa va ruxsatnomalarsiz, qonunga xilof ravishda 16 tup tol va terak daraxtlari kesilib, 5 tup daraxtga jiddiy zarar yetkazilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Guliston shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent shahri Chilonzor tumanida quruvchi tashkilot to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqqa qaramay, 58 tup daraxtni kesib tashlagandi. Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan tabiatga yetkazilgan 797,7 million so‘m zarar tashkilot tomonidan qoplab berilgan. Hodisa yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi qamoqqa olingan.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 43-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 45-bandida daraxtlar va butalarni Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari ruxsatnomalarisiz kesish noqonuniy hisoblanishi belgilangan.

Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Shunga qaramasdan, joylarda hamon noqonuniy daraxt kesish holatlari to‘xtamayapti.

Top