2020 yil 20 aprelda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektorda Termiz davlat universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Axborot texnologiyalari fakultetiga mo‘ljallangan zamonaviy bino qurish taklifi ma’qullangan va bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan edi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 avgustdagi «Termiz davlat universiteti qoshida Axborot texnologiyalari fakultetining o‘quv binosini qurish to‘g‘risida»gi farmoyishiga asosan Termiz shahri Alisher Navoiy ko‘chasida yangi bino qurish ishlariga start berilgandi.


Yangi o‘quv yili araqasida fakultet binosining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, universitet jamoasi, faxriy ustozlar, madaniyat va san’at vakillari, talaba yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilk bor oliy ta’lim ostonasiga qadam qo‘ygan talabalarni tabriklab, yangidan barpo etilgan ushbu o‘quv binosi ularning bilim olishlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tishdi.
Ramziy lentalar kesilganidan so‘ng, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Kampus qurilishidagi zamonaviy ko‘rinish, puxta o‘ylangan arxitektura, go‘zal tabiat manzarasi, o‘quv jarayoni uchun yaratilgan qulayliklar ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi.



Bino yetti qavatli bo‘lib, talabalar sig‘imi 1850 nafarni tashkil etadi. Shuning bilan birga 176 nafar professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan. Binoda 51 ta o‘quv auditoriyalari, sakkizta kompyuter xonasi, bitta kutubxona, uchta 100 nafar talabani sig‘dira oladigan ma’ruza zali, bitta kengash o‘tkaziladigan zal, to‘qqizta laboratoriya hamda ma’muriy xonalar mavjud.
Barcha kompyuterlar internet tarmog‘iga ulanib, Wi-fi zonalari tashkil qilindi. Har bir auditoriya zamonaviy smart doska bilan ta’minlandi. Talabalarning puxta bilim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi.
















