Afg‘onistonning sobiq hukumati bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘nlab afg‘onistonlik talabalar O‘zbekistonga o‘qishga kelgan. Hozirda O‘zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetida o‘qiyotgan 7 nafar talaba Kun.uz’ga pulsizlik va ishsizlikdan qiynalayotgani haqida gapirib berdi. Tahririyat bilan bog‘langan fakultet rahbariyati va xodimlari ham ularga ish topish ilinjida.

«Sobiq hukumat bilan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston bizni o‘qishga chaqirdi. Davlatimiz tomonidan birinchi marta shu yerga kelganimizda 44 kishi edik, hammamiz har xil universitetga kirganmiz — O‘zMUda 7 kishi, Islom Akademiyasida 7 kishi va boshqa universitetlarda ham talabalar bor», — deydi Afg‘onistonning Parvon viloyatidan o‘qishga kelgan Said Naqib Hashimiy.

Said Naqib Hashimiy / Foto: KUN.UZ

Ular jurnalistika fakulteti (O‘zbekiston Milliy Universiteti)ga o‘qishga kelishdan oldin Surxondaryoning Termiz shahrida o‘zbek tili kursida o‘qib, o‘zbekchani o‘rgangan.

O‘zMU jurnalistika fakultetining amaliyot bo‘yicha mas’ul xodimi Akbar Abduraimovning aytishicha, afg‘onistonlik talabalar 2022 yil fevral oyida 1-kursning ikkinchi yarmidan qabul qilingan.

«Bungacha bo‘lgan davrda ular Afg‘onistonda avvalgi hukumat bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. U yerda hukumat almashgan. O‘zbekistonda ularni o‘qitish tekin, yotoqxona bilan ham bepul ta’minlanadi. Hozir Milliy Universitet yotoqxonasida boshqa xorijlik talabalar bilan istiqomat qilib kelishyapti. Bundan tashqari, turli xayriya tadbirlari tashkil etilib, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashlar ham bo‘lib turibdi», — deydi Akbar Abduraimov.

O‘zi va do‘stlari duch kelayotgan muammolar haqida gapirar ekan Hashimiy ularga ish kerakligi, puli yo‘qligini aytadi.

«Biz jurnalistika fakultetida o‘qiyapmiz, agar media sohasida ish topsak, juda yaxshi bo‘lardi», — deydi u.

Lag‘monlik Muhammad Ibrohim Ano‘sh esa ularda media sohasida ishlash uchun eng katta muammo o‘zbek tili ekanligini aytadi. Ammo u ingliz tilini yaxshi biladi, 5 yil davomida BBC’da avvaliga radio dramada aktyor va keyinchalik ingliz tilida drama yozuvchisi sifatida ishlagan.