Davlat axborot agentligi xabarida KXDR Mudofaa vazirligining nomi oshkor etilmagan vakili Qo‘shma Shtatlarni «tentaklarcha bayonot» berganlikda aybladi va Vashingtonni «og‘zini yumish»ga chaqirdi.

«So‘nggi paytlarda AQSh va boshqa dushman kuchlar KXDR va Rossiya o‘rtasida «qurol bitimlari tuzilgani haqidagi mish-mishlar»ni tarqatish orqali «BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasining buzilishi» haqida gapirmoqda... Biz Rossiyaga ilgari hech qachon qurol yoki o‘q-dori eksport qilmaganmiz va eksport qilishni rejalashtirmayapmiz», deya KXDR Mudofaa vazirligi Bosh shtabining ismi oshkor etilmagan rasmiysi so‘zlarini keltirdi Koreya markaziy axborot agentligi.

Sentyabr oyi boshida prezident Jo Bayden ma’muriyati KXDR tomonidan Rossiyaga qurol sotish jarayoni boshlangani haqidagi AQSh razvedkasi ma’lumotlarini oshkor qildi va bu Pxenyanga qurol import qilish yoki eksport qilishni taqiqlovchi BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalari buzilishi ekanini aytdi.

AQSh Davlat departamenti vakili Vedant Patelning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «Ukrainada foydalanish uchun Shimoliy Koreyadan millionlab raketa va artilleriya snaryadlarini xarid qilish jarayonida».

Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, xaridlar «millionlab o‘q-dorilar, raketalar va artilleriya snaryadlari»ni o‘z ichiga olishi mumkin. Biroq, u AQSh razvedkasi maxfiy ma’lumotlariga tayangan holda, xaridlar hali yakunlanmagani va sotib olingan o‘q-dorilar Ukrainada qo‘llanayotgani haqida hozircha hech qanday dalillar yo‘qligini ta’kidlagan.

Seuldagi Ihva universiteti professori Leyf-Erik Isli KXDR hukumatining qurol sotilayotgani inkor qilingan bayonotiga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak deb hisoblayapti.

«Shimoliy Koreya qurol-yarog‘ savdosini yashirishni ma’qul ko‘radi, chunki bunday kelishuvlar ortidan yangi sanksiyalar qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, odatda Pxenyan mijozlari boshqa noqonuniy harakatlarga ham aralashgan bo‘ladi. Shimoliy Koreya rejimi xuddi Putin Rossiyasi kabi, AQSh razvedkasi va xalqaro tanqidga qarama-qarshi argumentlarni tarqatishga harakat qiladi», deydi u.

NYT surishtiruvi: Rossiya Shimoliy Koreyadan millionlab snaryad va raketa sotib olmoqda

Ikki davlat do‘stligi abadiymi?