O‘zbekiston | 11:08 / 24.09.2022
4253
3 daqiqa o‘qiladi

Meta kompaniyasi vakillari AKT vaziri va AOKA direktori bilan uchrashdi

23 centyabr kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Meta kompaniyasining Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyodagi davlat siyosati bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jorj Chen boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Foto: AOKA

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvdan maqsad – O‘zbekistonni mintaqaviy IT xabga aylantirish bo‘yicha prezident topshirig‘i ijrosini ta’minlash hamda Meta kompaniyasi bilan hamkorlikda yoshlarga qo‘shimcha onlayn daromad topish imkoniyatlarini yaratish.

Uchrashuvda Meta kompaniyasi vakili tomonidan «Metaverse» loyihasi doirasida qo‘shma treninglar o‘tkazish, innovatsion ishlanmalarni respublikaga jalb qilish, shuningdek, milliy IT xizmatlarning eksport qilish imkoniyatlari bo‘yicha takliflar berilgan.

Shuningdek, kompaniya vakili Markaziy Osiyoda birinchi marta Meta Blueprint raqamli marketing bo‘yicha maxsus o‘qitish va sertifikatlash dasturi rasman tayyor ekanini bildirdi. Mazkur dastur doirasida tinglovchilar «Facebook» va «Instagram» ijtimoiy tarmoqlarida biznesni ilgari surish, reklama samaradorligini oshirish samaradorligi metodologiyalari va ushbu platformalar tizimi ishlash tamoyillari bo‘yicha bilim olishlari mumkin. Bundan tashqari, tadbirkor ayollar faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida elektron tijorat platformalari imkoniyatlari bo‘yicha o‘quv-seminarlarini tashkil qilish imkoniyatlari mavjud ekani aytildi.

23 sentabr kuni Meta kompaniyasi delegatsiyasi bilan AOKA direktori Asad Xo‘jayev ham uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Meta kompaniyasi mahsulotlarini O‘zbekistonda keng ommalashtirish masalalari va bu borada hamkorlik ko‘rib chiqilgan.

«O‘z o‘rnida, Asad Xo‘jayev ijtimoiy tarmoqlarda mamlakat yoshlari uchun davlat tilida foydali ma’lumotlarni chop etishni ko‘paytirish, shuningdek, feyk ma’lumotlar, terrorizm, ekstremizmga oid va boshqa qonunchilik bilan taqiqlangan materiallarni tarqatishni cheklash bo‘yicha yanada kengroq hamkorlik o‘rnatish lozimligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi», – deyiladi AOKA xabarida.

Eslatib o‘tamiz, o‘z ichiga Facebook va Instagram ijtimoiy tarmog‘i, WhatsApp messenjeri, Oculus va boshqa servislarni olgan Facebook kompaniyasi 2021 yilda rebrending qilgan hamda o‘z nomini Meta’ga o‘zgartirgan edi.

Mavzuga oid