Rossiya gazi vaqirlab sizib chiqayotgan Boltiq dengizida harbiy flot patrullik qilmoqda, armiya va politsiya neft va gaz inshootlari atrofida xavfsizlikni kuchaytirmoqda, siyosatchilar esa Yevropa Ittifoqi energetika infratuzilmasiga misli ko‘rilmagan hujum uchun javobgarlarni qattiq jazolashni va’da qilmoqda.
Daniya va Shvetsiya qirg‘oqlari yaqinida «Shimoliy oqim»ning uchta quvurini birdaniga kim portlatganini yaqin orada bilmasak kerak. Yevropaliklar qo‘poruvchilik harakati sodir bo‘lganiga ishonchi komil, biroq yaqin haftalarda portlash sodir bo‘lgan joylarga yaqinlashish ham imkonsiz ekanini aytishmoqda.
Voqea sodir bo‘lganidan uch kun o‘tgach, shikastlangan quvurlardagi gaz 80 metr chuqurlikdan suv yuzasiga chiqib, bir kilometr diametrli maydonda pufakchalarga aylanyapti. Daniya va Shvetsiya rasmiylarining ta’kidlashicha, hozirda o‘chirilgan, ammo to‘ldirilgan «Shimoliy oqim» quvuridagi gazning yarmi allaqachon bug‘lanib ketgan. Sizib chiqish ko‘lami hafta oxirigacha kamaymaydi.
Besh mil radiusdagi hudud navigatsiya uchun yopilgan, Germaniya va Daniya harbiy kemalari uning atrofida patrullik qilmoqda.
«Portlash juda kuchli edi, shu tufayli u yerga sho‘ng‘ishimiz uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi», dedi Daniya mudofaa vaziri Morten Byodskov. - Aslida, u yerda hamma narsa tinchlanishi va biz ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘lishimiz uchun bir yoki ikki hafta vaqt kerak».

GERMAN CENTRE FOR GEORESEARCH
Ikki kun avval uchta davlat rasmiylari gaz quvuridagi portlashlar sabotaj ekani, baxtsiz hodisa bo‘lishi mumkinmasligi haqidagi xulosaga kelishgan edi. Daniya mudofaa vaziri buni tasdiqladi.
«Bu tasodif emas. Hammasi rejalashtirilgan, puxta rejalashtirilgan edi», dedi Byodskov.
Diversiya yoki avariya? «Shimoliy oqim» quvurining birdaniga uchta joyidan gaz sizib chiqmoqda
Bu kimga foyda?
Rossiya Yevropaga tortilgan yirik va eng yangi gaz quvurini yo‘qotdi. To‘g‘ri, uning bir qismiga hali Germaniya tomonidan sertifikat berilmagan, Kreml esa Yevropa Ittifoqiga qarshi «gaz urushi» doirasida ikkinchisini yopib qo‘ygandi. Bu bilan Ukrainaga qilingan bosqin uchun kiritilgan sanksiyalar bekor qilinishiga erishmoqchi bo‘lgandi.












