Hodisa 12 oktabr kuni Yakkasaroy tumanining Bobur ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining hovlisida ro‘y bergan. Chaqiruv asosida aytilgan manzilga yetib borgan tez tibbiy yordam xizmati shifokori B.M. va feldsher ayol J.I. bemorga tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Biroq ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani sababli bemorni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. Bemorni transportirovka qilish chog‘ida uning o‘g‘li tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, ularning biriga qo‘l ko‘targan.

Kun.uz muxbiri hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgan feldsherdan voqea tafsilotlari so‘rab-surishtirdi.

Uning aytishicha, bemorni pastga, tez yordam mashinasiga olib tushishda uyning lifti kichikligi bois uni oilasining roziligi bilan qo‘lda opichlab ko‘tarib olib tushishlariga to‘g‘ri kelgan. Bemor pastga olib tushilgach, uning o‘g‘li shifokorlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

“O‘zaro suhbatda dadasini ko‘tarib olib chiqqanini “senlarning vazifangni ham men qilyapman” degan gap asosida to‘polon-janjal boshlandi. Agar biz bemorni zambilga solib, zinadan olib tushganimizda ko‘p vaqt yutqazardik, bemorni yo‘qotishimiz mumkin edi”, deydi jabrlanuvchi.

 Jabrlanuvchi. Foto: Kun.uz

Janjal paytida feldsher ayolning ko‘krak qafasi qismiga bemorning o‘g‘li tarafidan qattiq zarb berilgan. Kuchli og‘riq ta’sirida bo‘lsa-da, ayol bemorni shifoxonaga olib kelguncha yonida bo‘lib, xizmat majburiyatini yakunlagani, keyin o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotganini aytmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Travmatologiya bo‘limi boshlig‘i Fayzulla Mirjalilovning aytishicha, bemorga birlamchi ko‘krak qafasi lat yeyishi va bosh miyaning chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Uning bugungi ahvoli kechagidan ko‘ra biroz yaxshi.

Fayzulla Mirjalilov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Travmatologiya bo‘limi boshlig‘i. Foto: Kun.uz

Tibbiyot xodimlarining kaltaklanishi bilan bog‘liq bunday holat birinchi marta sodir etilayotgani yo‘q. Hatto bir shifokor o‘z xizmat davri mobaynida bir necha bor fuqarolarning keskin harakatlaridan aziyat chekishi ham mumkin. Jumladan, bemor J.X.ning o‘zi ham uch yillik faoliyati davomida ikkinchi bor bunday vaziyatning guvohi bo‘layotganini aytadi.