
Kiyev markazidagi Shevchenko rayonidagi portlashlar haqida shahar meri Vitaliy Klichko xabar berdi. «Havo trevogasi e’lon qilindi. Boshpanalarda qoling!» deb yozdi u o‘zining telegram-kanalida.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak poytaxtga kamikadze dronlar orqali hujum qilinganini ma’lum qildi.
«Rossiyaliklar bu ularga yordam beradi deb o‘ylayapti, ammo bunday harakatlar o‘lim talvasasiga o‘xshaydi. Bizga ko‘proq va imkon qadar tez fursatda havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak. Bizda sekin harakatlanishga vaqt yo‘q. Osmonni himoya qilish va dushmanni yo‘q qilish uchun ko‘proq qurol. Shunday ham bo‘ladi», deb yozdi u telegramda.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, dronlar markaziy temiryo‘l vokzali atrofiga kelib tushgan, bu bir qancha yong‘inlar keltirib chiqargan va turar joylarni shikastlagan.
Klichkoning yozishicha, hujumlar natijasida Kiyevning Shevchenko tumanida turar joy binosida portlash ro‘y bergan. 18 kishi qutqarilgan, ikki kishi halok bo‘lgan. Xarobalar orasidan odamlarni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy turar joy binolaridan biri jiddiy shikastlangani aks etgan videoni namoyish etdi. «Tun bo‘yi va tong otganida dushman tinch aholini terror qilishda davom etdi. Butun Ukraina bo‘ylab kamikadze dronlar va raketalar hujum qilmoqda. Kiyevda aholi turar joyiga zarba kelib tushdi», deya yozdi Zelenskiy telegram-kanalida.
Rossiya mudofaa vazirligining o‘tgan kun oxiridagi hisobotida «harbiy boshqaruv obektlari va Ukraina energetika tizimlari»ga zarbalar berilgani ma’lum qilingandi. Bugungi hujumlardan keyin ham vazirlik «Ukraina energetika obektlari va harbiy boshqaruv punktlariga yuqori aniqlikdagi zarbalar» yo‘llanganini ma’lum qildi.
O‘tgan hafta boshida Rossiya Ukrainaning turli hududlari, jumladan Kiyevdagi infratuzilmalarga qanotli raketalar va uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan yoppasiga zarbalar bergandi. Keyingi kuni ham zarbalar davom etdi, ammo intensivlik pasaydi, Rossiya raketalar o‘rniga Erondan sotib olingan Shahed-136 rusumli kamikadze dronlar uchira boshladi, Rossiya armiyasida bu qurollarga «Geran-2» nomi berilgan.























