Qayd etilishicha, voqea 7 oktabr kuni sodir bo‘lgan. Namangan viloyati hokimligi tasarrufidagi Toyota Land Cruiser rusumli avtomashina (davlat raqami 50 010 DAV) Namangan-Uychi-Uchqo‘rg‘on yo‘lining 8-kilometrida yo‘lni kesib o‘tayotgan, 2017 yilda tug‘ilgan fuqaroni turtib yuborgan.

Viloyat hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, bolakay zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Tibbiy tekshiruvlar natijasida jabrlanuvchida jiddiy shikastlanish aniqlanmagani, faqatgina yuz sohasida shilinish bo‘lgani, qo‘shimcha davolanish talab etilmasligi aytilmoqda. Bolaga shifoxonada tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

“Hozirda yo‘lovchining ahvoli yaxshi va o‘zining uyida odatdagi hayotiy faoliyatini davom ettirmoqda”, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.

Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha barcha hujjatlar IIB tomonidan rasmiylashtirilgan. Biroq ushbu YTH haqida shu paytgacha na IIV, YHXB va na viloyat IIB, YHXB tomonidan rasmiy xabar berilgan.

Viloyat IIB, YHXB axborot xizmati rahbari Erkin Sattorov Daryo.uz nashri muxbiri bilan muloqotda jamoatchilikdan sir tutilgan hodisa chindan ro‘y berganini tasdiqlagan, biroq YTH tafsilotlarini ochiqlay olmasligini ma’lum qilgan.

“Ha, voqea sodir bo‘lgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati voqea haqida batafsil ma’lumot berishini bildirgan. Shu bois biz bu haqda axborot bermadik. Hozir ham sizga voqea tafsilotlarini ochiqlay olmayman”, – deya ta’kidlagan mutasaddi.

Namangan viloyati hokimining matbuot kotibi Farhod Mamadaliyev Daryo.uz’ga bergan intervyusida YTH vaqtida Shavkat Abdurazzoqov mashinada bo‘lmaganini bildirgan.

“Holatdan batafsil xabarim yo‘q. Voqea viloyatning Uychi tumani yo‘lida sodir bo‘lgan. Menga berilgan ma’lumotga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchiga sekin urilgan. Shu zahoti haydovchi uni shifoxonaga olib borgan va to‘liq tekshiruvdan o‘tkazgan. Yo‘lovchida hech qanday sinish, chiqish kabi jarohatlar kuzatilmagan. Ayni paytda u soppa-sog‘”, degan Farhod Mamadaliyev.