Farg‘onaning Rishton tumanida faoliyat yurituvchi bog‘bon Ixtiyor Niyozov bilan gilos yetishtirish bo‘yicha ham suhbat qurgandik. Uning uzumchilik haqidagi fikrlari ham diqqatga sazovor.
“Mutaxassislarimiz faqat mahalliy navlar bilan cheklanib qolishdi”
— Aslida uzum dunyo bo‘yicha eng ko‘p istemol qilinadigan uchta mevadan biri. Jahonda uzum savdosi yildan yilga o‘sib bormoqda.
Lekin dunyodagi eng yirik uzum yetishtiruvchi davlatlardan biri O‘zbekistonning jahon bozoridagi o‘rni qisqarib boryapti, hatto bizga joy qolmayapti. Buning isbotini ichki bozordagi arzon bo‘lib ketgan uzumlar narxidan xam bilish mumkin. To‘g‘ri, O‘zbekiston hozir ham arzonga bo‘lsa-da uzum eksport qilyapti. Lekin bu hozircha.
Xo‘sh, kelajakda-chi? Nega O‘zbekiston mevalar ichidagi eng muhim eksport mahsulotlaridan biri bo‘lgan uzumni asosan ichki bozorda va o‘ta arzon narxlarda sotyapti?
Ma’lumot uchun: Uzumning kech kuzgi va ommabop bo‘lgan toifi navi Qashqadaryoda ulgurji 3-4 ming so‘mdan, Xorazmdagi mahalliy navi esa 2-3 ming so‘mdan sotilmoqda. Bu kelajakda mazkur sohaga qiziqish butkul so‘nishini anglatadi.
Sabablar bor. O‘zbekistonda uzumchilik sohasi mutaxassislari faqat mahalliy navlar bilan cheklanib qolishdi. Uzumchilikka iqtisoslashgan deyarli barcha adabiyotlarda faqat mahalliy uzumlar haqida ma’lumotlar joylangan. Go‘yoki boshqa uzum yo‘qdek. Yo‘q, men bu bilan mahalliy navlarni yomon demoqchi emasman. Lekin biz eksport haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, tizimda seleksiya qilish shart.
“Iste’molchilarning talabi o‘zgargan”
— Dunyoda uzum iste’molchilarining talabi o‘zgargan. Oddiy misol – bizning eng katta eksport bozorimiz Rossiyani olaylik. U yerda yosh avlod O‘zbekiston uzumini talab qilmaslikni boshladi. Chunki boshqa MDH davlatlari ular istagan uzumni yetishtirib sotishyapti.
Ma’lumot uchun: Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston 49 ta xorijiy davlatga qiymati 161 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan qariyb 180 ming tonna uzum eksport qilgan. Uzum eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 39,4 ming tonnaga oshgan. Eng ko‘p uzum eksport qilingan davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilyapti – 96,8 ming tonna.







