Nishon tumanidagi fermerlar Majburiy ijro byurosi tomonidan o‘zlariga bosim bo‘layotgani haqida xabar berishdi. Fermerlarning aytishicha, hech qanday rasmiylashtiruvsiz ularning qarindoshlari nomida bo‘lgan texnikalar ham olib ketib qolingan.
Kun.uz jurnalisti fermerlar bilan suhbatlashib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.


“Bobur Abdusattorov” fermer xo‘jaligi raisi Arab Norqulovga ko‘ra, 2022 yilning 19 oktyabr kuni uning uyiga MIB xodimlari borgan. Uyidagi qoramolni olib ketishmoqchi bo‘lishganda, rafiqasining sog‘lig‘i yomonlashgan.
“Rafiqam bir haftacha shifoxonada davolanib chiqdi. Men agar qarzdor bo‘lsam, nega ogohlantirishmaydi? Hatto o‘sha paytda qancha qarzim borliginiyam bilmaganman. Avvalgi yillarda umuman bunaqa tartib qo‘llanmagan. Lekin soliqdan qarz bo‘lib qolmadik-ku, hammasini to‘ladik”, – deydi Arab Norqulov.

Yana bir suhbatdoshimiz – O‘tkir Rajabov. Majburiy ijrochilar u bilan ham 19 oktyabr kuni uchrashishgan; akasiga tegishli bo‘lgan avtomobilni xatlov qilmasdan, rasmiylashtirmasdan minib ketishgan.
Fermerning aytishicha, u g‘alla va paxta hosilidan shartnoma qilingan klasterga ortig‘i bilan mahsulot topshirgan. 200 million so‘mdan ortiq mablag‘i klasterda. Lekin soliq qarzdorligi sabab, hisobraqamiga band solingan.
“Menda boshqa daromad bo‘lmasa, topshirgan hosilim uchun klaster qachon pulni tashlab bersa, shunda birinchi navbatda soliq uchun ushlab qolinadi. Nega fermerning holatini ko‘rib, bilib turgan davlat idoralari bunaqa yo‘l tutayotganiga hayronman”, – deydi “Rahmonov O‘ktam” fermer xo‘jaligi rahbari O‘tkir Rajabov.

“Samandar Nur” fermer xo‘jaligiga qarashli qariyb bir milliard so‘mlik texnika ham olib ketib qolingan. Xo‘jalik raisi Ashur Boltayev shundoq ham taqiqda turgan, lizingga olingan texnikani ijrochilar qanday qilib olib ketishgani-yu, hech qanday rasmiylashtiruv bo‘lmaganini tushunmay halak bo‘lmoqda.


















