O‘zbekiston prezidentining Fransiyaga tashrifi doirasida Toshkent tramvay tizimini loyihalashtirish va qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zA xabariga ko‘ra, Toshkentda tramvay tizimi “tajribali fransuz transport kompaniyasi” tomonidan loyihalashtiriladi. Hozirda 3 ta yo‘nalish rejalashtirilmoqda. Eng avvalo “Yangi O‘zbekiston” bog‘igacha tramvay liniyasi olib borish bo‘yicha loyiha ishlari boshlanadi.
Gazeta.uz'ning yozishicha, bu loyihaga oid “yo‘l xaritasi” 22 noyabr kuni Parijda O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vaziri Olive Besht tomonidan imzolangan.

Kelishuvga ko‘ra, Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi Toshkentda 9,1 km uzunlikdagi tramvay liniyasini quradi, uning marshruti hozircha ma’lum qilinmadi. Bu liniyada yo‘lovchi tashish hajmi kuniga 78 ming kishini tashkil etishi reja qilingan. Qurilish boshlanishi 2024 yilning 2-choragiga mo‘ljal qilingan. Loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholangan.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonovning nashr bilan suhbatda ma’lum qilishicha, tramvaylar tender asosida sotib olinadi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov tramvay liniyalari qurilishi bilan Alstom shug‘ullanishini nashrga tasdiqlagan, lekin marshrutlar hali aniq emasligini bildirgan.
E’tiborlisi, Mahkamov bir oy oldin Kun.uz muxbiriga Toshkentda tramvay bo‘lishi yo bo‘lmasligi masalasida hali bir qarorga kelinmaganini aytgandi. Shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov esa Gazeta.uz bilan suhbatda oxirgi 3-4 oydan beri Alstom kompaniyasi bilan loyiha ustida maslahatlashuvlar olib borilganini bildirgan.
Istiqbolli yo‘nalishlardan biri Toshkentni Yangi Toshkent shahri bilan bog‘laydigan, Yangi O‘zbekiston bog‘i oldidan o‘tuvchi Yangi O‘zbekiston ko‘chasi deb ko‘rilmoqda. Bu yo‘nalish liniyasi “Do‘stlik” metro bekatidan boshlanishi mumkin.











