Uchrashuvni ochib berar ekan, alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATO o‘z hududining har bir qarichini bosqindan himoya qilish uchun tayyor turishi haqida ogohlantirdi.

U alyans bu mojaroda ishtirok etmasligini, ammo uning a’zolari Ukrainani Rossiyadan himoyalana olishi uchun bemisl darajada qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

«Biz Putin g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, aks holda bu boshqa avtoritar yetakchilarga yashil chiroq yoqib, ularga harbiy kuch orqali o‘z maqsadlariga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Bu esa bizning dunyoni barchamiz uchun yanada xavfliroq qiladi. Shu tufayli umumiy xavfsizlik manfaatlarimiz uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz», degan Stoltenberg.

U Rossiyani bu urushda shafqatsizlikni kuchaytirishda aybladi va Yevropa hamda dunyoning boshqa mamlakatlariga yuklangan moliyaviy og‘irlik haqida eslatib o‘tdi.

«Aslida, biz barchamiz Rossiyaning Ukrainadagi urushi uchun to‘lov qilamiz, ammo biz buni pulda to‘lasak, Ukraina qon bilan to‘lamoqda», degan NATO bosh kotibi.

Harbiy yordam

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba urushdagi g‘alaba uchun NATO davlatlari qurol ishlab chiqarish hajmini zudlik bilan oshirishi darkorligini ma’lum qildi.

Politico nashriga bergan intervyusida u qurol ishlab chiqarishga investitsiya kiritmasdan uzoq muddatli urushda jang maydonida g‘alaba qozonib bo‘lmasligini aytadi: «Biz bugungi kundagi janglarda kurashar ekanmiz, ertangi jangda qanday kurashishimiz haqida ham o‘ylashimiz kerak».

Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy sabablarga ko‘ra Ukrainaga urushda yordam berishi mumkin bo‘lgan qurollarini bo‘lishishni istamaydigan davlatlar bilan muzokaralar olib borish uchun oylarni sarflash kerak emas.

«Ularga umid qilib, ularni ishontirish uchun bir necha oy sarflash o‘rniga, omborlarida nimadir bor bo‘lgan, lekin buni bo‘lishishni istamaydigan uchinchi davlatlarning injiqliklariga qaram bo‘lib qolmaslik uchun ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak», dedi Kuleba.

U shuningdek, Ukrainaga hammasidan ham ko‘ra havo hujumidan mudofaa tizimlari, tanklar va ishlab chiqarish liniyalari zarur ekanini ta’kidladi.