O‘zbekiston | 18:03 / 14.12.2022
30140
4 daqiqa o‘qiladi

Do‘rmondagi o‘g‘rilik. Gumondor qo‘yib yuborilgan, unga ayb qiynoq yo‘li bilan qo‘yilgan bo‘lishi mumkin

Shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan rasmiy manbaga ko‘ra, jabrlanuvchi (Tanzila Norboyevaning qizi) o‘g‘rilikda gumonlangan ayolga nisbatan arizasini ish ko‘rilganining ertasiga qaytarib olgan. Ayni paytda, Kun.uz ixtiyoriga gumonlanuvchining uni tergovda qiynoqqa solishgani haqidagi arizasi kelib tushdi.

Foto: Getty Images

Avvalroq Do‘rmondagi maxsus qo‘riqlanuvchi uylardan birida o‘g‘rilik sodir etilgani va uy Tanzila Norboyevaga tegishli ekani xabar berilgandi. Kun.uz'ning Senat raisiga yaqin rasmiy manbalariga ko‘ra, o‘g‘rilik sodir etilgan uy chindan Norboyevaga tegishli (davlat tomonidan, Senat raisi lavozimidagi faoliyati davri uchun berilgan), lekin uyda uning o‘zi emas, qizi yashab kelayotgan bo‘lgan.

“Bu ishdan Norboyevaning xabari bo‘lmagan. Shuningdek, gumonlanuvchiga nisbatan ariza Tanzila Norboyevaning qizi tomonidan ishning ertasigayoq qaytarib olingan. Natijada gumonlanuvchi D.T. qamoqdan chiqarib yuborilgan. Puldan ham voz kechilgan”, – dedi manba.

Kun.uz o‘g‘irlikda gumonlangan enaga D.T.ning otasi bilan ham bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. U qizi hozir chindan uyda ekani, biroq bundan boshqa gap gapirolmasligini aytdi.

Tergovda gumonlanuvchiga nisbatan ayb qiynoq yo‘li bilan qo‘yilgan bo‘lishi mumkin

Aftidan Norboyevaning uyini o‘g‘ri urishi voqeasi bu bilan tinchimaydigan ko‘rinadi. Sababi gumondor tergov jarayonida aybni o‘z zimmasiga olishi uchun qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkin.

Kun.uz ixtiyoriga D.T.ning huquqni muhofaza qiluvchi organga 7 dekabr kuni yozgan arizasi kelib tushdi. Unda aytilishicha, D.T. 2022 yil 2 dekabrdan boshlab gumondor sifatida Toshkent shahar IIBBning vaqtincha saqlash xonasida ushlab turilgan. 5 dekabr kuni soat 6:00 larda esa Dilmurod ismli tergovchi hamrohligida vaqtincha saqlash binosining 4-qavatiga olib chiqilgan va o‘sha xonada aybni bo‘yniga olishi uchun qiynoqqa solingan.

“2022 yil 5 dekabr kuni soat 6:00larda meni Dilmurod tergovchi xonasiga olib bordi. U yerda Mirzo Ulug‘bek tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi Bekzod kelib, Dilmurodni tergov bo‘limi xodimi deb aytdi.

Dilmurodning xonasi 4 qavatga olib chiqdi. U yerda menga birinchi yaxshi gapirishdi, keyin Bekzod menga baqirdi va chap oyog‘imni o‘zining oyog‘i bilan zarb bilan bosdi. Keyin menga jismoniy mashqlar qildirdi va jismoniy zarar yetkazdi. Yelkamga, qo‘limga musht qilib urdi. Keyin menga hozir kiyimingni yech, rasmga olib eringga jo‘nataman, deb majburladi. Men ulardan bu ishni qilmasligini so‘radim. Hozirda kasal ekanimni aytdim. Keyin ular buni inobatga olib, o‘tqazishdi va qo‘limga qog‘oz tutqazishdi. Ular menga o‘g‘irlikni bo‘yningga ol, 100 dollar olgan bo‘lsang ham yoz deyishdi. Ular shunday qilsam, meni chiqarib yuborishlarini aytishdi. Men esa pul olmaganimni aytdim. Ular shundan keyin sen bilan ertaga gaplashamiz, deyishdi.

Menga aybimni bosim o‘tkazib, qiynoqqa solishayotgan ushbu xodimlarga nisbatan tekshiruv o‘tkazib, qonuniy chora ko‘rishingizni so‘rayman”, – deya o‘z arizasida yozgan D.T.

Yuqoridagilar holatga avvalo Bosh prokuratura tomonidan jiddiy e’tibor qaratilishi zarurligini ko‘rsatadi. Ichki ishlar vazirligi esa xizmat tekshiruvi o‘tkazishi maqsadga muvofiq. Gumonlanuvchi sifatida ushlangan ayolning protsessual huquqlari qanchalik ta’minlangani va uning qiynoq haqidagi da’vosi Ombudsman tomonidan ham o‘rganilishi zarur.

Mavzuga oid