Kiyev Eron dronlarining yangi hujumi haqida xabar berdi
Kiyevda portlashlar ro‘y bergani haqida xabarlar tarqalyapti.
«Poytaxtning Shevchenko tumanida portlashlar sodir bo‘ldi. Xizmatlar yo‘lda. Batafsilroq ma’lumot - keyinroq», — deb yozdi Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko Telegram’da.
Shuningdek, u Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari allaqachon Kiyev va Kiyev viloyati osmonida Eronning 10 ta uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirganini aytdi.
O‘z navbatida, Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati raisi Oleksiy Kuleba boshpana va xavfsiz joylarda bo‘lishga chaqirdi, shuningdek, havo hujumidan mudofaa ishlari haqida hisobot berdi.
Avvalroq Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga zarbalar berish uchun Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan yana faol foydalana boshladi, deb xabar bergandi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW).
Uning ekspertlari Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining 10 dekabrdagi xabariga tayangan, unda Rossiya harbiylari Xerson, Mikolayiv va Odessa viloyatlarida Shahed 136 va Shahed 131 dronlari yordamida 15 ta hujum uyushtirgani aytiladi. Odessada 10 dekabr kuni Rossiyaning energetika obektlariga hujumidan so‘ng, muhim infratuzilma obektlaridan tashqari barcha iste’molchilar elektr energiyasiz qoldi.
O‘z navbatida, ISW qayd etishicha, 7 dekabr kuni Rossiya harbiylari uch haftalik tanaffusdan so‘ng Ukrainadagi nishonlarga zarba berish uchun Eron UUAdan foydalanishni qayta boshlagan. Bir necha kun oldin Amerikaning NBC News telekanali Oq uydagi manbalariga tayanib, Rossiya hukumati Eron dronlarini qabul qilib olish evaziga Eronga «misli ko‘rilmagan darajada» harbiy-texnik yordam ko‘rsatayotgani haqida xabar bergan edi.
ISW'ning fikricha, Rossiya qo‘shinlari Erondan uchuvchisiz uchoqlarning yangi partiyasini olgan yoki yaqin kelajakda yetkazib berilishini kutmoqda. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari uch hafta davomida uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlatmagan, shu tariqa dronlar to‘planib qolgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Eronda ishlab chiqarilgan dronlarni qish sharoitida ishlatish uchun ularni modifikatsiya qilish zarurligi qayd etilgan.
Mavzuga oid
08:31 / 21.11.2024
RF hujumi tahdidi tufayli Kiyevdagi bir qancha elchixonalar yopildi
14:41 / 20.11.2024
YeI davlatlari AQSh yordami qisqarsa ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
09:53 / 20.11.2024
Voronej yaqinidagi sanoat korxonasiga dronlar hujum qildi
13:18 / 19.11.2024