O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari e’lon qilingandi. Xususan, Xitoyning GD Power – Powerchina konsorsiumi Namangan viloyatida 150 MVt quvvatga ega loyiha bo‘yicha g‘olib deb topildi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu quyosh fotoelektr stansiyasi uchun berilgan taklif qayta ko‘rib chiqiladi.
«Haqiqatan ham, Namangan viloyatida 150 MVt quvvatli loyiha uchun GD Power – Powerchina konsorsiumi (Xitoy) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSh sentida yetkazib berish taklifi qimmat hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Energetika vazirligi ushbu loyiha bo‘yicha tarifni optimallashtirish yuzasidan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur loyihani amalga oshirishda elektr energiyasi tarifini kamaytirish choralari ko‘riladi va stansiyaning qurilishida xavfsizlik tomonlariga alohida e’tibor beriladi», - deyiladi rasmiy munosabatda.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, 15 dekabr kuni e’lon qilingan tender natijalari avvalgilari bilan solishtirilganda, sezilarli darajada qimmatlashgan.
«Namanganda quvvati 150 MVt bo‘lgan quyosh stansiyasi qurish bo‘yicha Xitoyning GD Power – Powerchina kompaniyasining har bir kilovatt-soat elektrni 4,828 sentdan (yoki bugungi narxlarda 543 so‘m) yetkazib berish bo‘yicha taklifi g‘olib bo‘lgan.
Afsuski, boshqa yirik talabgor Abu Dhabi Future Energy Company– Masdar ushbu lotda taklif kiritmagan. Turkiyaning Alarko Holding AS kompaniyasi esa yutish niyati bo‘lmagan shekilli, 6,08 sentlik taklif bergan. Alarko Holding ASʼning boshqa, Xorazmdagi stansiyani qurish loti bo‘yicha ham taklifi (5,188 sent) iqtisodiy mantiqdan uzoq.
Xorazmdagi 100 MVt bo‘lgan quyosh stansiyasi qurish bo‘yicha Fransiyaning Voltalia kompaniyasi har bir kilovatt-soat elektrni 2,888 sentdan yetkazish taklifi bilan g‘olib bo‘lgan.
Solishtirish uchun, o‘tgan yillarda Abu Dhabi Future Energy Company– Masdar Xorazm, Samarqand va Jizzaxdagi stansiyalar bo‘yicha 2,68 sentdan taklif berib g‘olib bo‘lgan.









