“Bugun ko‘nglimdagi bitta niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lsin. Odamlarimiz o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega bo‘lsin”, dedi prezident Mirziyoyev seshanba kuni parlament va xalqqa qilgan murojaatida.
Davlat rahbari keyingi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarining aksiyalari O‘zbekistonning o‘z aholisi uchun “ochiq va shaffof savdoga” chiqarilishini aytdi. “Bu chinakam xalq IPO'si bo‘lishiga ishonaman”, dedi u.
Xo‘sh, xalq IPO’si nima? Nima uchun bu bugunga kelib muhim bo‘lib qoldi?
Undan tashqari, maqolada quyidagi savollarni ham ko‘rib chiqamiz:
- Xalq IPO’sining kompaniyalarga foydasi?
- Davlatga bundan nima naf?
- IPO’lar sarmoya qiluvchi odamlar uchun nima beradi?
- Odamlarimizning IPO’lar ortidan aksiyalarni xarid qilgani puli bormi?
- O‘zbekistonda xalq IPO’si qilgan kompaniya bormi o‘zi? Bo‘lsa, aksiyalari necha puldan sotilyapti?
IPO, ya’ni Initial Public Offering (birlamchi ommaviy taklif) kompaniyalar o‘z aksiyalarini birinchi marta keng jamoatchilik uchun sotuvga chiqarishidir. Xalq IPO’si deganda esa kompaniya aksiyalari chet ellik investorlar emas, birinchi navbatda mahalliy aholi uchun savdoga qo‘yilishi nazarda tutiladi.
Xalq IPO’si mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi yo‘lida xalq qo‘lidagi pul mablag‘larini jalb qilishning bir usulidir. Aholimiz soni, uning moliyaviy savodxonligi oshib borayotganini hisobga olsak, hissadorlar kelishgan holda kompaniyalarning bir qismini millionlab ulushlarga bo‘lib, chakana (retail) investorlarga pullashi – yuz minglab dollar “arzon pul”ni (bu haqda pastroqda) olib keladi.
Davlatga bundan nima naf?
Xalq IPO’si va umuman IPO’larning davlatga foydasi shundaki, kompaniyalar hozirgi va bo‘lajak investorlari oldida hisobdor va shaffof bo‘lishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun ular hisob yuritish tizimlarini isloh qilib, zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi.
Albatta, bu mahalliy qimmatli qog‘ozlar bozorining ildamlashiga turtki bo‘ladi. O‘zbekistondagi kapital tanqisligi ko‘pchilik ishbilarmonlar ham, top menejyerlar ham chuqur anglaydigan haqiqat. Chet eldan investorlarni chorlash uchun sud-huquq tizimi islohotlari va qonun ustuvorligi bilan birgalikda, faol mahalliy fond birjasi bo‘lishi ahamiyatlidir.















