Rossiya mudofaa vazirligi 8 yanvarga o‘tar kechasi Donetsk oblastining Kramatorsk shahriga zarba yo‘llanishi oqibatida 600 nafar ukrain harbiylari o‘ldirilganini ma’lum qildi - Moskvada buni yangi yil kechasi Makiyivkadagi harbiylar yotoqxonasi o‘qqa tutilishiga javoban «qasos operatsiyasi» deb atashgan. Ammo G‘arb nashrlari muxbirlari Kramatorskda ukrain harbiylarining ommaviy halok bo‘lganiga dalil topa olishmagan, Kiyevda esa Rossiya mudofaa vazirligining bayonoti yolg‘on va «axboriy operatsiya» deb atalgan.

Rossiya tomoni ma’lumotini tasdiqlaydigan boshqa birorta mustaqil manba yo‘q — umuman hech qanday qurbonlar bo‘lmaganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar esa bor.

8 yanvarga o‘tar kechasi Kramatorskka zarba yo‘llangani haqida RF mudofaa vazirligidan oldinroq Ukraina hukumati xabar bergandi. Shahar meri Oleksandr Goncharenko tongda feysbukdagi sahifasida rossiyaliklar tomonidan yettita raketa uchirilgani, sakkizta ko‘p qavatli turar joy binolari hamda ikkita o‘quv binosi shikastlangani haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi vakillari orasida qurbonlar bo‘lmagan. U harbiylar orasidagi qurbonlar va yaralanganlar to‘g‘risida hech narsa demagan.

Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi Kramatorsk o‘qqa tutilgani haqida hisobot berib, buni «qasos operatsiyasi» deb atadi. Vazirlik buni «Kiyev rejimining 1 yanvarga o‘tar kechasi Makiyivkada rossiyalik harbiylar joylashgan binoga yo‘llagan jinoiy zarbasi»ga javob berilgani bilan izohladi.

Rossiyaning bir zarbadagi yirik yo‘qotishi. So‘nggi ma’lumotlar

Makiyivkadagi portlashlardan keyin Ukraina tomoni kasb-hunar maktabi binosida rossiyalik safarbar qilingan askarlardan 400 nafarga yaqini halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. Moskva 89 harbiysi o‘limini tasdiqlagan - bu RF mudofaa vazirligi butun urush davomida tan olgan bir martalik eng yirik yo‘qotish edi.

Yangi yil kechasi ukrainlar Makiyivkada rossiyalik harbiylar joylashgan binoni yer bilan yakson etgandi. Foto: Reuters

Bir hafta o‘tib Rossiya harbiylari ukrain harbiylarining Kramatorskdagi yotoqxonalariga zarbalar yo‘llangani haqida xabar berdi.

«Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining vaqtincha dislokatsiya punktlari bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari berilishi oqibatida 600 dan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchilar yo‘q qilindi», dedi yakshanba kuni RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov. Uning aytishicha, bu yotoqxonalarda jami 1300 nafardan ortiq ukrain harbiylari bo‘lishgan.