Jahon | 16:28 / 10.01.2023
4382
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Makiyivkada halok bo‘lganlar ro‘yxatini e’lon qilmaydi

Samara harbiy komissarining tushuntirishicha, rasmiylar Makiyivkada safarbar qilinganlar joylashgan binoga uyushtirilgan hujumda halok bo‘lganlar ro‘yxatini e’lon qilmaydi, chunki bu «xorijiy razvedka uchun ish bo‘ladi».

Foto: RIA Novosti

Samara viloyatidan Makiyivkadagi zarbada yaralangan va halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar ro‘yxati e’lon qilinmaydi, dedi viloyat harbiy komissari Aleksey Vdovin 10 yanvar, seshanba kuni. «Hech qanday ro‘yxat e’lon qilinmaydi», dedi u. Vdovinning so‘zlariga ko‘ra, mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlar harbiy xizmatchilarning qarindoshlariga o‘zlari yoki so‘roviga ko‘ra, harbiy xizmatchilarni ro‘yxatga olish boshqarmasi tomonidan taqdim etiladi.

«Ro‘yxatlarni e’lon qilib bo‘lmaydi. Birinchidan, bu shaxsiy ma’lumotlar. Ikkinchidan, bu xorijiy razvedka idoralari tomonidan harbiy xizmatchilarning qarindoshlariga qarshi provokatsion choralarni aniqlash va o‘tkazish bo‘yicha ish, bu qat’iyan man etiladi», - deya tushuntirdi harbiy komissar bu qarorni.

1 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari safarbar qilinganlar joylashtirilgan Makiyivkadagi kasb-hunar maktabi binosiga hujum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, zarba natijasida 89 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan. Ukraina tomoni 400 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Zarba natijasida halok bo‘lganlar va yaralanganlar orasida Samara viloyati harbiy xizmatchilari ham bor. Buni viloyat gubernatori Dmitriy Azarov tasdiqladi. «Vatandoshlarimiz ham dushman kuchlari hujumiga uchragan. Yaradorlar mavjud, afsuski, halok bo‘lganlar ham bor», - dedi u. 3 yanvar kuni viloyat hokimiyati Samara shahridagi Shon-shuhrat maydonida viloyatdan ketgan harbiylar xotirasiga bag‘ishlangan motam tadbirini o‘tkazdi. Ayni paytda harbiy xizmatchilarning yaqinlari ularning taqdirini aniqlay olmayapti.

4 yanvar kuni Change.org saytida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Samara viloyati gubernatori nomiga Makiyivkada halok bo‘lgan safarbar etilganlarning ism-shariflari ro‘yxatini e’lon qilishni talab qilgan petitsiya paydo bo‘ldi. Uni 49 mingdan ortiq kishi imzolagan.

Mavzuga oid