Kleshchiyevka egallangani haqida Prigojin audioxabarda aytgan, rasshifrovka uning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan. U posyolka faqat uning boshqaruvidagi «Vagner» XHK bo‘linmalari tomonidan egallangani»ni aytgan.
Shu bilan birga, Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, Kleshchiyevka atrofida hamon shiddatli janglar davom etmoqda. «Dushman yerning har bir metrini qattiq himoya qilmoqda. Ukraina qurolli kuchlari Artemovskdan (Baxmutning 2016 yilga qadar bo‘lgan nomi) qochib ketgani haqidagi turli xabarlarga zid o‘laroq, holat bunday emas. Ukraina qurolli kuchlari aniq va batartib ishlamoqda. Ulardan o‘rganadigan narsalarimiz bor. Ammo nima bo‘lganda ham «Vagner» XHK bo‘linmalari qadamma-qadam ilgarilamoqda. Artemovsk aholi yashash manzili ozod etiladi», degan Prigojin.
Soledarda Ukraina qo‘shini uchun tahdidli vaziyat yuzaga keldi. Asosiy ma’lumotlar
Kleshchiyevkaning yo‘qotilishi Ukraina armiyasiga qanday xavf soladi?
Baxmutdan besh kilometr janubda joylashgan Kleshchiyevka shaharga borishni, shuningdek Konstantinovkadan keluvchi va shahardagi ukrain garnizoni ta’minoti amalga oshiriladigan yo‘lga chiqishni to‘sib turadi.
O‘z oldiga Baxmutni egallashni maqsad qilgan Rossiya qo‘shinlari o‘tgan yil oxirida shaharga hujumlarni faollashtirganida uni shimol va janubdan o‘rab olishga kirishgandi. Shimoldan asosiy hujumlar Soledarga va uni aylanib o‘tib Paraskoviyevka, Krasnaya Gora va Blahodatnoyega qilinmoqda. Janubdagi Rossiya qismlari Ukraina qurolli kuchlarini Baxmut janubi-sharqidagi Opitnoyedan siqib chiqarishdi va shahar janubi va janubi-g‘arbidagi Kurdyumovka va Kleshchiyevka tomon yopirildi.

Kiyevdagilar Baxmut atrofidagi aholi yashash manzillariga hujum qilgan «Vagner» XHK yollanma jangchilari katta qurbonliklar berish evaziga ayrim yutuqlarga erishganini ma’lum qilgan. Ikki tomon ham o‘z yo‘qotishlarini ochiqlamaydi. Rossiya mudofaa vazirligi «Vagner» XHK RF qurolli kuchlari tuzilmasi tarkibiga kirmasligini aytadi - o‘z-o‘zidan yollanma jangchilar orasidagi yo‘qotishlar Rossiya mudofaa vazirligining rasmiy statistikasidan joy olmaydi.
Shunga qaramay, Rossiya qismlari Baxmut shimoli va janubidan ancha ichkariga kirgan bo‘lib, bu Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligini shahar qurshovga tushib qolmasligi uchun xavfli uchastkalarga shoshilinch tarzda zaxira kuchlari yuborishga majbur qilmoqda. Shu bilan bir vaqtda, Baxmut mudofaasidagi qismlar rotatsiya ham qilinmoqda.


















