Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy birinchi bo‘lib prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenkoni iste’foga chiqardi.
Timoshenko «o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash» to‘g‘risida ariza yozgan.
«Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ishonch hamda har kuni va har daqiqada xayrli ishlar qilish imkoniyatini bergani uchun minnatdorchilik bildiraman», deya yozgan u telegram-kanalida.
Kirilo Timoshenko saylovdan oldingi prezidentlik kampaniyasi davridan buyon Zelenskiy jamoasida edi.

U 2019 yil 21 mayida prezident ofisi (o‘shanda bu tuzilma prezident administratsiyasi deb atalardi) rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagandi.
Uning iste’foga chiqishining aniq sabablari hozircha ma’lum emas, ammo so‘nggi vaqtlarda u qator korrupsiya mojarolari figurantiga aylangandi.
Masalan, matbuotda uning ko‘chmas mulklari va qimmatbaho avtomobili bo‘yicha savollar paydo bo‘lgandi.
Timoshenko urushdan oldin ham, hukumat tashabbusi bilan boshlangan «Bolshaya stroyka» («Katta qurilish») strategik taraqqiyot dasturini nazorat qilganida budjet mablag‘larini o‘z manfaatlari uchun sarflab yuborgani bo‘yicha tanqidlarga uchragandi.
Arestovich fenomeni. Ukraina prezidenti devonidagi shov-shuvli iste’fo haqida
Mudofaa vazirligidagi mojaro
Kunning ikkinchi yirik iste’fosi Ukraina qurolli kuchlari moddiy-texnik ta’minoti uchun mas’ul bo‘lgan Vyacheslav Shapovalov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimidan ketishi bo‘ldi.
Uning iste’fosini mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov qo‘llab-quvvatlagan.
















