Xususan, ötgan ikki hafta davomida Niderlandiyada ötkazilgan «Tata Steel Chess-2023» xalqaro turnirining «Masters» toifasida Özbekiston milliy jamoasi a’zolaridan Nodirbek Abdusattorov 5-turdan buyon peşqadamlikni heç kimga bermay, sönggi turdagi yagona mağlubiyati sababli yakunda 2-örinni egallagan bölsa, «Challengers» tasnifida özbekistonlik yana bir şaxmatçi Javohir Sindorov 3-örinni egalladi.
Niderlandiyadagi xalqaro turnir yakunida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yilning eng yaxşi şaxmat mamlakatiga topşiriladigan «Tour D'or» - «Oltin minora» sovrinini qabul qilib olişdi. Özbekiston şaxmat federatsiyasiga Yevropaning şaxmat sovrinini fransiyalik maşhur grossmeyster Başar Kuatli topşirdi.
Şuningdek, «Tata Steel Chess-2023» musobaqasida Nodirbek Abdusattorovga mağlubiyatga uçragan norvegiyalik Magnus Karlsen 2022 yilning eng yaxşi şaxmatçisi deb topildi. Hindistonlik Dommaraju Gukeş esa 2022 yilning eng yaxşi yoş şaxmatçisi deb e’lon qilindi. U 2022 yilgi şaxmat Olimpiadasida Nodirbek Abdusattorovga mağlubiyatga uçragandi. Har ikki şaxmatçi «Tour D'or» sovrinlariga ega çiqdi.
Eslatib ötamiz, 2022 yilda Hindistonning Çennay şahrida bölib ötgan 44-Butunjahon şaxmat Olimpiadasida Özbekiston birorta ham mağlubiyatga uçramagan yagona jamoa bölib, 188 jamoa iştirok etgan Olimpiada çempioniga aylangandi. Natijada, ilk marta özbekistonlik 4 şaxmatçi FIDE reytingida TOP-100talikdan joy olgandi.

















