O‘zbekiston | 17:45 / 22.02.2023
17784
3 daqiqa o‘qiladi

“So‘rovnoma talabalar uchun emas, tyutorlar to‘ldirishi uchun mo‘ljallangan” – vazirlik munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda OTMlarda talabalardan to‘ldirilishi so‘ralayotgan so‘rovnoma nusxasi tarqaldi. “Emotsional va xulq-atvor buzilishlari mavjudmi?” “Atrofdagilar bilan munosabatda agressivmi?” kabi bandlardan iborat so‘rovnoma ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Kun.uz holat haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan izoh oldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti” nomli so‘rovnoma tarqaldi. Talabalarga oid kanallardan birida uni talabalarga to‘ldirish uchun berishgani aytiladi. So‘rovnomada “Emotsional va xulq-atvor buzilishlari mavjudmi?” “Atrofdagilar bilan munosabatda agressivmi?” kabi bandlar ham bor.

Sal oldin Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining OTM rahbarlariga yuborgan xati e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Xatga ko‘ra, OTM rahbariyatiga barcha talabalarni o‘rganib, ularni shartli 3 guruhga bo‘lish: jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasidagi va tartib-qoidalarga rioya etmaydigan talabalar ro‘yxatini shakllantirish va ajratib olingan talabalarga vazirlik, oliy ta’lim muassasalarining rahbar-xodimlarini biriktirish, ularning ota-onalari bilan individual suhbatlar tashkil etib borish topshirig‘i berilgan.

Maxsus topshiriq xati va keyinroq tarqalgan bu so‘rovnoma sabab ijtimoiy tarmoq faollari oliy ta’limdagi holat haqida faol fikr bildira boshlashdi.

Kun.uz mazkur so‘rovnoma haqida ma’lumot olish uchun vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, bu so‘rovnoma “Talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti” deb nomlanadi hamda u tyutorlar va psixologlar tomonidan to‘ldiriladi.

“Talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti” OTM psixologining asosiy hujjati hisoblanadi. Savollar ham talabaga bevosita qaratilmagan, uchinchi shaxs uchun mo‘ljallab tuzilgan”, deb javob berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova.

Matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, prezidentning 2017 yilgi qarori bilan OTMlarda alohida shtat asosida psixolog xizmati tashkil etilgan.

“Oliy ta’lim muassasalarida turli noxush holatlar, suitsid bilan bog‘liq fojialarning oldini olish, talabalarning shaxsiy muammolarini erta aniqlash uchun talabalarning ruhiy-psixologik holatini baholash, ularning muammo va dardiga tashxis qo‘yish hamda shu asosda zarur psixodiagnostik, davolash-profilaktik ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida psixologlar tizimli ishlarni tashkil etadi.

Talabalarning ijtimoiy psixologik portreti shakllantirilishi psixologlarning faoliyatiga doir asosiy hujjatlaridan biri hisoblanadi.

Ushbu masalalarning yo‘lga qo‘yilishi pirovard natijada yoshlar hayotidagi stress holatlar, uzoq muddatli depressiya, surunkali depressiya, surunkali tushkun kayfiyat, muomaladagi qiyinchiliklar, shaxsiy va ijtimoiy psixologik muammolarning asl sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish orqali yoshlar hayotini, taqdirini, kelajagini to‘g‘ri o‘zanga burishda muhim ahamiyat kasb etadi”, deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Mavzuga oid